Oilaviy zoʻravonlik toʻgʻrisidagi qonunchilik ijrosining monitoringi natijalari taqdimot qilindi
2025-03-05 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 5-mart kuni Toshkentda “Oilaviy zoʻravonlik toʻgʻrisidagi qonunchilik ijrosining monitoringi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda adliya vaziri oʻrinbosari Muzraf Ikramov ishtirok etdi.
Tadbir Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), “Madad” NNT va BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Taʼkidlangandek, soʻnggi yillarda oilaviy zoʻravonliklarni oldini olish va undan himoya qilish hamda zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarga bepul yuridik yordam koʻrsatishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari takomillashtirib borilmoqda.
Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonunlar qabul qilinishi natijasida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari kafolatlarini taʼminlash va ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha kafolatlar tizimi yaratilib, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, davlat boshqaruvi mexanizmlari belgilab berildi.
Tazyiq va (yoki) zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish amaliyotining yoʻlga qoʻyilganligi zoʻravonliklardan jabrlangan xotin-qizlarni aniqlash va ularning huquqlarini himoya qilishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Jumladan, oʻtgan yil davomida tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoxud jabrlanish ehtimoli boʻlgan 50 mingdan ziyod, joriy yilda esa 6000 nafardan ziyod xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirilib, davlat himoyasiga olindi.
2022–2026-yillarda Yangi Oʻzbekiston rivojlantirish strategiyasining yetti ustuvor yoʻnalishidan birinchisi – inson shaʼni va qadr-qimmatini yuksaltirish orqali insonparvar davlat barpo etish, erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishdir. Ushbu ustuvor yoʻnalish Oʻzbekiston Respublikasida keyingi yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning uzviy davomi hisoblanadi.
Yangi Oʻzbekiston rivojlantirish strategiyasining 20-maqsadi sifatida “Aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va taʼlim tashkilotlari bilan oʻzaro samarali hamkorligini yoʻlga qoʻyish” belgilangan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga hamda Jinoyat kodeksiga oilaviy (maishiy) zoʻravonlikka oid yangi moddalar kiritildi.
Oilaviy (maishiy) zoʻravonlikning huquqbuzarlik va jinoyat sifatida eʼtirof etilishi avvalambor BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish boʻyicha qoʻmitasining Oʻzbekiston hukumatiga oiladagi zoʻravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi, sud tomonidan jinoiy javobgarlikka tortish va jinoyatning ogʻirlik darajasiga mos ravishda tegishli jazo choralari qoʻllashni taʼminlanishi toʻgʻrisidagi tavsiyalarini amaliyotga joriy qilish maqsadida amalga oshirildi.
Qonunchilikka kiritilgan ushbu oʻzgarishlarning amaliyotda tatbiq etilishini oʻrganish hamda davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro samarali hamkorligini yoʻlga qoʻyish maqsadida Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) hamda Adliya vazirligining “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish” loyihasi doirasida “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda jamoatchilik monitoringi oʻtkazildi. Jamoatchilik monitoringi davomida oilaviy (maishiy) zoʻravonlik turkumiga oid 2 mingga yaqin ishlar boʻycha sud hujjatlari tahlil qilindi va bir qator takliflar ishlab chiqildi.
Davra suhbati doirasida oʻtkazilgan jamoatchilik monitoringi natijasida tayyorlangan tahliliy maʼlumotnomalarning taqdimoti oʻtkazildi hamda oilaviy zoʻravonlik sohasidagi dolzarb muammolar davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda muhokama qilindi.