Adliya vazirligining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi va unga sabab bo‘luvchi omillarga nisbatan murosasiz munosabat shakllangan
2025-06-05 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vazirligining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi va unga sabab bo‘luvchi omillarga nisbatan murosasiz munosabat shakllangan bo‘lib, vazirlik o‘z siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida aynan korrupsiyaga qarshi keskin va tizimli kurashish belgilangan.
Mazkur yo‘nalishda so‘nggi yillarda qator ustuvor va samarali chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, sohada raqamlashtirish jarayonlari jadal sur’atlarda amalga oshirilib, bu o‘z navbatida inson omilini kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, jarayonlarni shaffoflashtirish hamda fuqarolar uchun davlat xizmatlarini tez, oddiy va korrupsiyasiz tarzda taqdim etishga xizmat qilmoqda.
Adliya organlari va muassasalarida xodimlarning halollik standartlari joriy etilib, har bir xodimdan qonuniy va vijdonan xizmat qilish qat’iy talab etiladi.
Vazirlik faoliyatining barcha sohasida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslanib, korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilgan.
Xodimlarning adliya qadriyatlari va vazirlik missiyasining tub mazmun-mohiyatini anglab yetishi hamda ular tomonidan sohada nopok xatti-harakatlar sodir qilmasligi uchun ta’sirchan nazorat o‘rnatilgan. Xususan,
Davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya qilinishi, ishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan har bir tanlovlar onlayn translyasiya qilinishi, aholiga xizmat ko‘rsatish sohalari, jumladan davlat xizmatlari ko‘rsatish, fuqarolik dalolatnoma yozuvlarini qayd etish, yuridik xizmat ko‘rsatish jarayonlari va xodimlar xatti-harakatlari binolarda o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali uzluksiz monitoring qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.
Vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy maqsadlari, jamiyatda bu illatga nisbatan toqatsizlikni shakllantirish, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlab, ularga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish va javobgarlik muqarrarligi tamoyilini amalga oshirish yuzasidan hududlarda manzilli o‘rganish ishlari doimiy amalga oshirilmoqda.
Tizimning har bir sohasida o‘tkaziluvchi o‘rganishlar tahliliga ko‘ra, inson omilini qisqartirish, byurokratik va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish uchun raqamli texnologiyalarni yanada kengaytirish, shu jumladan sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ham foydalanish masalalari kun tartibiga qo‘yilgan.
Shuningdek, xodimlar bilan muntazam ravishda huquqiy targ‘ibot va etika treninglari o‘tkazilib, korrupsiyaga qarshi profilaktik va preventiv choralar amalga oshirilmoqda va korrupsiyaviy xatarlarni bartaraf etish mexanizmlari mustahkamlanmoqda.
O‘z navbatida, vazirlik 2020-yil 7-sentyabrdayoq O‘zbekistonda davlat organlari ichida 1-bo‘lib “Cert International” xalqaro tashkiloti tomonidan vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiq deb baholanib, xalqaro muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan. Shuningdek, 2023 va 2024-yillarda ham qayta o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi xalqaro standartga muvofiq faoliyat ko‘rsatayotganligi haqida xulosa qilindi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra, Adliya vazirligi har yili yaxshi baholangan tashkilotlar qatorida yuqori o‘rinlarni e’tirof etib kelmoqda.
Shu bilan bir qatorda, adliya organlari va muassasalari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida tezkor xabar berish uchun Ishonch telefonlari hamda maxsus aloqa kanallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir fuqaro adliya tizimidagi qonunga zid holatlar haqida murojaat qilishi va har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, qonuniy choralar ko‘rilishi kafolatlanadi.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi barcha fuqarolarni noqonuniy taklif va va’dalarga ishonmaslikka, faqat belgilangan rasmiy tartiblar orqali murojaat qilishga chaqiradi.