Nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish tartibi
Nodavlat notijorat tashkilotlari tegishliligi bo‘yicha uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan yoki hisobga qo‘ygan adliya organini tadbir haqida oldindan xabardor qilishi lozim.
Nodavlat notijorat tashkilotlari tegishli adliya organini tadbir haqida yozma yoki elektron shaklda quyidagi muddatlarda xabardor qilishi kerak:
- tadbir O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolarining ishtirokisiz o‘tkazilishi rejalashtirilganda — tadbir o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin;
- tadbir O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari ishtirokida yoki xorijiy davlat hududida o‘tkazilishi rejalashtirilganda — tadbir o‘tkazilishidan kamida 20 kun oldin.
Xabarnoma nodavlat notijorat tashkilotiga rahbarlik qilayotgan shaxs tomonidan imzolanadi. Xabarnomani imzolagan shaxs undagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi, shuningdek Xabarnomaning o‘z vaqtida yuborilishi uchun mas’ul hisoblanadi.
Adliya organiga yuborilgan Xabarnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar uni yuborgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan o‘zgartirilishi mumkin. Bunda nodavlat notijorat tashkiloti tadbir o‘tkazilishidan kamida 3 ish kuni oldin Xabarnomaning o‘zgargan bandlarini (kichik bandlarini) qayta to‘ldiradi va tegishli adliya organiga yuboradi.
- Xabarnoma namunasi
Nodavlat notijorat tashkiloti tadbirni o‘tkazmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilganda tegishli adliya organini qo‘shimcha ravishda xabardor qilishi lozim.