Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida Parlament ayol aʼzolari forumi bo‘lib o‘tmoqda.
2025-04-06 12:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda dunyoning turli burchaklaridan 200 dan ortiq parlament aʼzolari, ayol-yetakchilar va ekspertlar gender tenglik, ayollarning siyosiy yetakchiligi va inson huquqlari bilan bog‘liq eng muhim masalalarni muhokama qiladilar.
Parlament ayol aʼzolari forumi 40 yillik faoliyati davomida ayollarning siyosiy jarayondagi ishtirokini kengaytirishga va gender tenglikni ilgari surishga xizmat qilib kelmoqda.
Mazkur nufuzli forumda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Raʼno Turdiboyeva ham o‘z maʼruzasi bilan ishtirok etib, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, gender tenglik va bandlikni taʼminlash orqali ularning turli sohalardagi faolligini oshirishda parlamentlararo hamkorlikning ahamiyati muhimligini taʼkidladi.
Assambleya doirasidagi barcha tadbirlar 5-9-aprel kunlari “Tashkent City” xalqaro biznes markazining Kongress xolida bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Assambleya doirasida muhim xalqaro hujjatlar, jumladan, Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.