Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda Mehnat kodeksiga sharh tayyorlanmoqda
2025-04-30 11:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida mazkur loyiha doirasida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi, Oliy taʼlim muassasalari vakillari, blogerlar hamda mehnat sohasi ekspertlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, Mehnat kodeksiga sharh tayyorlash loyihasining asosiy maqsadi – aholining huquqiy madaniyatini oshirish, xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash, Mehnat kodeksi normalarini talqin qilishdagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish hamda xodim va ish beruvchilar oʻrtasidagi nizolarni kamaytirishdir.
Mehnat kodeksiga sharh tayyorlash jarayoniga nafaqat ekspertlar, balki ish beruvchi va xodimlarni ham jalb qilish muhimligi qayd etildi. Bunday yondashuv mazkur loyihani sifatli va manfaatlar muvozanatini saqlagan holda amalga oshirish uchun samarali mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Seminar ishtirokchilari loyiha doirasida ishlab chiqilgan "Mehnat kodeksiga sharhlar tayyorlash metodologiyasi" mavzusidagi taqdimot bilan ham yaqindan tanishdi.
Muloqot yakunida Mehnat kodeksiga sharhlarni ishlab chiquvchi mualliflar tarkibiga kiritish uchun nomzodlar ro‘yxati taqdim etildi.