O‘zbekistonda raqamlashtirish sohasini yanada rivojlantirish va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2024-11-13 09:45:00 / Vazirlik yangiliklari
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Maxl bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida raqamli texnologiyalar orqali barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalariga e'tibor qaratildi.
Shunindek, 2025-yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “UN Public Service” forumi haqida muhim ma’lumotlar berildi. Forumning O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilishi mamlakat uchun muhim yutuq ekanligi va raqamli transformatsiya jarayonlarini tezlashtirishda bu imkoniyatning ahamiyati ta’kidlandi.
Uchrashuvda, shuningdek, olis hududlaridagi aholiga raqamli xizmatlarni yetkazish, texnologiyalar orqali teng imkoniyatlar yaratish, raqamli xizmatlar orqali yoshlar va kam ta’minlangan oilalar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, raqamli bilim va ko‘nikmalarni oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, yoshlar uchun IT sohasida yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilanganligi ta’kidlanib, IT sohasidagi o‘quv dasturlarini kengaytirish, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini oshirish va mahalliy yoshlarni global raqamli iqtisodiyotga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda O‘zbekistonning olis hududlaridagi iqtidorli yoshlar uchun onlayn platformalar orqali eksport imkoniyatlarini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda imkoniyati cheklangan shaxslarning raqamli xizmatlardan foydalanishi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro tajriba almashish kabi masalalar ham muhokama qildindi.
Sabina Maxl BMTning O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar orqali barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidlab, O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.