Farg‘ona viloyatida raqamli soha rivoji o‘rganildi
2025-04-29 09:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida hududda raqamli sohani rivojlantirish, yoshlarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha kasb egallash imkoniyatlarini kengaytirish va IT-ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar bilan tanishdi.
Farg‘ona viloyat hokimligi va Raqamli texnologiyalar vazirligining viloyat hududiy shu’basi tashabbusi bilan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi hamkorligida Quva tumanidagi kasb-hunar maktabi negizida 100 o‘rinli BPO (call-markaz) va Elektron tijorat (strim orqali mahsulot sotish) markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Hozirda mazkur obyektni to‘liq ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Markazni ta’mirlash va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash uchun mahalliy byudjetdan 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Mazkur markaz orqali tumandagi fuqarolar, xususan yoshlarning bandligini ta’minlash, “autsorsing” xizmatlari orqali IT-eksport hajmini oshirish va zamonaviy kasblarga o‘rgatish ko‘zda tutilmoqda.
Vazir o‘rinbosari obyektdagi o‘quv auditoriyalari va amaliy mashg‘ulotlar uchun ajratilgan maxsus xonalar bilan tanishib, bu kabi zamonaviy kasblarga o‘qitish markazlar orqali yoshlarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bir kasb ega bo‘lishiga va kelajakda yaxshi daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Tashrif davomida, shuningdek, Farg‘ona shahrida qurilayotgan IT-Park Farg‘ona filiali binosi bilan ham tanishildi.
Binoning to‘liq ta’mirlanishi va foydalanishga topshirilishi viloyatda AKT xizmatlari ulushini oshirish, IT-eksport salohiyatini kengaytirish hamda yoshlarga yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tashrif davomida qurilish jarayonlari sifatli va jadallik bilan olib borilishi yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida hududda IT sohasini rivojlantirish yoshlarga zamonaviy texnologik imkoniyatlar yaratish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshloq tumanida tashkil etilayotgan IT-shaharcha qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
IT-shaharcha joriy yilning may oyigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
U yerda IT sohasida bandlikni oshirish, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, dasturiy ta’minot va startaplarni rivojlantirish, shuningdek xalqaro talablar asosida kadrlar tayyorlash kabi asosiy maqsadlar belgilangan.
Shu bilan birga, Marg‘ilon shahridagi hozirda foydalanilmayotgan 1000 o‘rinli katta bino ham ko‘zdan kechirildi.
Mazkur binoda 45 ta o‘quv xonasi, 100 o‘rinli yotoqxona, oshxona, sport zali va tashqi sport maydoni mavjud. 2024 yilda ta’mirlangan va barcha zamonaviy talablar asosida qulayliklarga ega bo‘lgan ushbu bino negizida raqamli texnologiyalar yo‘nalishida zamonaviy universitet tashkil etish hamda BPO va KPO (Bilim jarayonlarini autsorsing qilish) yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan bu kabi keng ko‘lamli loyihalar viloyatning raqamli salohiyatini yanada oshirib, yosh avlod uchun yuqori daromadli va zamonaviy kasblar egallash imkoniyatlarini kengaytiradi.