Urganch shahar hokimligining Yagona axborot tahlil monitoring markazini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2025-05-03 09:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Urganch shahar hokimi bilan uchrashib, hokimlikda tashkil etilgan Yagona axborot tahlil monitoring markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur Yagona axborot tahlil monitoring markazi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” stragegiyasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, Urganch shahrini raqamli transfomatsiya qilish orqali uni “aqlli shahar”ga aylantirishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida vazirga markaz faoliyati hamda unda joriy etilgan “aqlli shahar” texnologiyalari va tizimlari to‘g‘risida taqdimot qilindi. Taqdimot davomida Urganch shahrida joriy etilgan uy-joy kommunal xo‘jaligi, ekologiya, obodonlashtirish, “mahalla yettiligi” faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizimlar alohida e’tirof etilib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Urganch shahrida xizmatlar sohasida “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash va rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalar sohasini jadal rivojlantirish, IT sohasini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni IT-texnologiyalar sohasiga yo‘naltirish va shaharni IT-eksport salohiyatini keskin oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, vazir va hokim tomonidan tasdiqlangan.
Uchrashuvda Urganch shahar hokimi va Raqamli texnologiyalar vaziri tomonidan Urganch shahrining “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash va rivojlantirish masalalari batafsil muhokama etildi. Shuningdek Urganch shahrida IT sohasini yangi bosqichga olib chiqish, IT kompaniyalar faoliyatini rivojlantirish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni IT sohasida o‘qitish kabi ustuvor masalalar muhokama etildi hamda kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish natijasida kelgusida Urganch shahrida IT sohasini jadal rivojlantirish, yoshlarni IT sohasiga keng jalb etish va yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlashga erishiladi.