Samarqandda navbatdagi “IT-shaharcha” foydalanishga topshirildi
2025-05-28 21:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani “Chimmos” MFY hududida “IT-shaharcha”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 15-maydagi “Hududlarda yoshlarga raqamli teхnologiyalar va хorijiy tillarni oʻrganish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq har bir viloyatda 1 tadan “IT-shaharcha”larni tashkil etish belgilangan bo‘lib, Samarqand viloyatida olis Qo‘shrabot tumanining “Chimmos” mahallasi tanlab olingan edi.
Olib borilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari natijasida 35 sotix bo‘sh va foydalanilmayotgan yer maydonida yoshlarning IT va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha sharoitlarga ega “IT-shaharcha” tashkil etildi.
“IT-shaharcha”ning rasmiy ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari R.Karimjonov, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari X.Tuxtayev, Qo‘shrabot tumani hokimi D.Shakarboyev, tuman faollari hamda aholi va yoshlar ishtirok etdilar.
Mazkur IT-shaharcha zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, u yerda yiliga 1000 nafarga yaqin yoshlar dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi, game development kabi sohalarda chuqur bilim olishlari mumkin. Shuningdek, ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni ham bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.