Zulfiyaxonimning ijodiy merosi e’tirof etildi
2025-03-03 12:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali sohibasi, shoira Muhtarama Ulug‘ova, vazirlik va tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab shoira hayoti va ijodi haqida to‘liq ma’lumot berildi. Zulfiya ijodi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar shoiraning yosh ijodkorlarga bo‘lgan mehri, ular haqidagi o‘y-fikrlari, adabiyotga bo‘lgan munosabatini chuqur tushunishga yordam berishi ta'kidlandi. Shoiraning ijodi o‘zbek adabiyotining ravnaqi hamda yoshlarning ijodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim rol o‘ynaganini ko‘rsatadi.
Tadbirda Zulfiyaning o‘zbek ayoli qiyofasini ulug‘lovchi she’rlari, adabiy qarashlari va ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Mamlakatimizda iqtidorli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi o‘tgan yillar davomida fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda jamoatchilik faoliyati yo‘nalishlarida yuzlab yosh iqtidor sohibalarini kashf qilgani qayd etildi.
Shuningdek, joriy yil 1-mart kuni Toshkentdagi Adiblar xiyobonida taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 110 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Ekologiya vazirligi va tizim tashkilotlari xodimlari ham ishtirok etib, Zulfiya haykali poyiga gulchambar qo‘ydilar.