Daraxtlarga shikast yetkazmang! Ekologiyaga aslo befarq bo‘lmang!
2025-05-15 14:00:00 / Yangiliklar

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga qo‘yilgan moratoriy amal qilish muddati muddatsiz davrga uzaytirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 21-noyabrda qabul qilingan Qonuniga ko‘ra, daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga noqonuniy koʻchirib oʻtqazganlik uchun jarima miqdori 5 baravarga oshirildi. Bunda fuqarolar BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8 million 500 ming so‘mdan 17 million so‘mgacha (avval BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha edi), mansabdor shaxslar esa BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (avval BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha) jarimaga tortiladi.
Bunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, tegishli ashyolar musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (avval BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha, ya'ni 25 million 500 ming so‘mdan 34 million so‘mgacha (avval BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Bundan tashqari, daraxtlar va butalarga shikast yetkazilishiga sabab bo‘ladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlar BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi.
Qolaversa, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini g'ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo'q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (34 million so‘mdan 102 million so‘mgacha) miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiyalar qo'llaniladi.
Ta'kidlash joizki, Ekologiya vazirligi davlat ekologik nazorat inspeksiyasi va hududiy boshqarmalar inspektorlari tomonidan daraxt kesish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi doimiy nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda va huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, 2023-yilda 4190 ta huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2024-yilda bu holat deyarli 2 baravarga kamaygan (2891 ta). Shuningdek, 2025-yilning dastlabki 4 oyida daraxt kesish bilan bog‘liq 978 ta holat aniqlangan va qonuniy tartibda javobgarlik belgilangan. Nazorat reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar! Agar daraxtlarga shikast yetkazilishi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz, Ekologiya vazirligining @ecogovuz_bot telegram boti orqali murojaat yo‘llang yoki (71) 207-11-07, (71) 207-11-08 telefon raqamlari hamda 1157 va 1207 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling! Sizning bu boradagi tashabbusingiz biz uchun juda muhim!