Ekologiya vazirligida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
2025-05-16 11:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ekologiya vazirligi va vazirlikning tizim tashkilotlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Guljamol Asqarova shoiraning hayot yo‘li va betakror ijodi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Dilnoza Kubayeva Halima Xudoyberdiyevaning she’rlaridan namunalar o‘qidi.
Ta’kidlash joizki, shoira nafaqat Vatan, muhabbat, inson qadri, oila kabi mavzularda qalam tebratgan, balki ekologiyani asrashga ham befarq bo‘lmagan. Jumladan, “Ikki qo‘lda ham malham tutib” nomli maqolasida ekologik muammolar, xususan, Orol fojiasiga e’tibor qaratgan.
“O‘layotgan senmisan, yo men farq qilolmayman,
Ko‘z yoshim dengiz, ammo o‘zni g‘arq qilolmayman,
Ortda jarlik, oldga ham bir qadam jilolmayman,
Arosat, oraliqda o‘lmasaydik, Orolim!”
– deb yozgan edi Halima Xudoyberdiyeva.
Tadbir ko‘tarinki, samimiy ruhda o‘tdi. O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Komilov hamda “Dutorchi qizlar ansambli” xonandalari ijrosidagi shoira she’rlari bilan aytiluvchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada fayz kiritdi.