Ekologiya vazirligi xodimlari oila a’zolari bilan G‘alaba bog‘ida bo‘ldi
2025-05-16 16:00:00 / Yangiliklar

Vazirlik xodimlari dastlab bog‘dagi Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan hamda yurt farovonligi yo‘lida jonlarini fido etgan ajdodlarimiz xotirasi aks ettirilgan kompozitsiyalar bilan tanishdi.
“Shon-sharaf” muzeyidagi o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tarixi, xalqimizning qahramonligi, front va front ortidagi mardona mehnati haqidagi eksponatlar katta taassurot qoldirdi.
Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida bu yerda “Millat fidoyilari” xiyoboni barpo etildi. Prezidentimiz Xotira va qadrlash kuni arafasida G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, mazkur majmua bilan ham tanishgan edi. Ushbu yodgorlik mustaqillik yillarida Vatanimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bag‘ishlangan.
Vazirlik xodimlari va ularning oila a’zolariga “Millat fidoyilari” xiyobonining mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berildi. Bugungi yorug‘ kunlarimiz, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligi uchun jon fido qilgan insonlar xotirasi hurmat bilan yodga olindi.