Transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasidagi dolzarb muammo va imkoniyatlar muhokama qilindi
2025-06-05 12:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) hamda Global ekologik fond (GEF) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” loyihasi (“Aral Wetlands”) doirasida tashkil etildi.
Mazkur konferensiya “Aral Wetlands” loyihasi doirasida rejalashtirilgan mavzuli seminarlar turkumining birinchisi bo‘lib, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda xalqaro tashkilotlardan 50 dan ortiq ishtirokchilarni jamladi. Tadbirda davlat idoralari, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya markazida suv diplomatiyasi masalasi bo‘lib, u iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yerlarning degradatsiyasi sharoitida barqaror rivojlanish hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashning asosiy vositasi sifatida ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar transchegaraviy suv resurslarini boshqarishda qarama-qarshilikka asoslangan yondashuvdan voz kechish va o‘zaro ishonch, ilmiy asoslangan ma’lumotlar va umumiy manfaatlarga tayanuvchi muloqot tarafdori bo‘lish zarurligini ta’kidladilar.
“O‘zaro manfaatli va ilmiy asoslangan yechimlarni izlash — bugungi kundagi suv diplomatiyasining zamonaviy mohiyatidir. Bu endilikda keskin pozitsiyalarni ilgari surish emas, balki mintaqaviy manfaatlarni hisobga olgan holda oqilona hamkorlikka intilish demakdir”, — dedi o‘z chiqishida ekologiya vaziri maslahatchisi Alisher Salomov.
Konferensiya doirasida beshta tematik sessiya tashkil etildi, unda quyidagi masalalar muhokama qilindi: Orolbo‘yi havzasida transchegaraviy suv resurslari bo‘yicha hamkorlik; iqlim o‘zgarishiga moslashuv va suv resurslarini kompleks boshqarish; suvni tejovchi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda tarmoqlararo hamkorlik; suv diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlashda ilm-fan va ta’limning roli; suv tanqisligi sharoitida tabiiy ekotizimlarni qo‘llab-quvvatlash.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zbekkosmos” agentligi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, UNDP, MFSA va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Pulatov o‘z tabrigida ta’kidlaganidek, suv diplomatiyasi mamlakatning ichki va tashqi siyosatining ajralmas qismi bo‘lib, O‘zbekiston barcha mintaqaviy davlatlar bilan adolatli va barqaror suvdan foydalanish bo‘yicha muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini ko‘rsatmoqda.
Konferensiyada Orolbo‘yi mintaqasining noyob ekotizimlariga alohida e’tibor qaratildi. Garchi Orol dengizi qurib borayotgan bo‘lsa-da, bu hudud hanuzgacha muhim suv-botqoq ekotizimlari va qushlarning migratsiya yo‘llarini saqlab qolmoqda. “Aral Sea Wetlands” loyihasi ushbu ekotizimlarni asrash, yer degradatsiyasining oldini olish va mahalliy aholi turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Konferensiya yakunida faqat davlat idoralari, NNTlar, ilmiy doiralar va mahalliy hamjamiyatlarning ochiq va inklyuziv muloqoti orqali samarali suv diplomatiyasi platformasini shakllantirish mumkinligi ta’kidlandi. Bunday yondashuv nafaqat mojarolarning oldini olish, balki suv xavfsizligi, ekologik barqarorlik va aholining farovonligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.