"Eco Expo Central Asia 2025" ko‘rgazmasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi
2025-06-05 15:00:00 / Yangiliklar

Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan “Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili” doirasida tashkil etilmoqda. Bu tashabbus mamlakatning global ekologik va iqlim muammolarini hal qilishdagi o‘rni ortib borayotganini namoyon etadi. Eco Expo — bilimlar almashinuvi, innovatsiyalar namoyishi va barqaror yechimlarni ilgari surishga qaratilgan yirik xalqaro maydonga aylanadi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Avstriya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Qozog‘iston, Shveysariya, Tojikiston, BAA, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Rossiya, Turkmaniston, Italiya va boshqa mamlakatlardan davlat va xususiy sektor vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Umumiy hisobda 10 000 dan ortiq ishtirokchi va 500 ga yaqin tashkilot — texnologik startaplar, investorlar, xalqaro tuzilmalar va hukumat vakillari qatnashishi rejalashtirilgan.
Ko‘rgazma dasturi iqlim moliyasi, raqamli texnologiyalar, yashil energetika, suv resurslarini boshqarish, sirkulyar iqtisodiyot, barqaror qishloq xo‘jaligi, ekologik transport, yashil qurilish, aqlli shaharlar va boshqa dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Tadbir doirasida panel sessiyalari, munozaralar, taqdimotlar va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ishtirokchilar barqaror rivojlanish bo‘yicha amaliy tajribalar bilan tanishish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va o‘z tashabbuslarini maxsus institutsional pavilyonda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda CRIC-21, CMS COP14 va Samarqand iqlim forumi kabi yirik xalqaro ekologik tadbirlarga mezbonlik qilgan holda mintaqaviy ekologik markaz sifatida o‘zini namoyon etdi. Yaqinlashib kelayotgan CITES COP20 ham shunga dalolat. Eco Expo ushbu yo‘nalishning mantiqiy davomi sifatida barqaror kelajak sari muhim qadam bo‘ladi.
Ko‘rgazmada qatnashish va bepul chipta olish uchun www.ecoexpo.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish kifoya. Qo‘shimcha ma’lumot uchun telefon raqamlari:
📞 +998 94 990 37 95
📞 Ko‘rgazma bo‘yicha: +998 71 200 00 11
📞 Ekologiya vazirligi: +998 71 207 24 24