O‘zbekistonda batareykalarni xavfsiz yo‘q qilish bo‘yicha ekologik loyiha ishga tushirildi
2025-06-05 17:00:00 / Yangiliklar

Loyiha eng dolzarb ekologik muammolardan biri — ishlatilgan batareykalarni xavfsiz yig‘ish va yo‘q qilish masalasiga qaratilgan. Chunki ushbu chiqindilar tarkibida qo‘rg‘oshin, kadmiy, simob, nikel va litiy kabi og‘ir metallar mavjud bo‘lib, ularning noto‘g‘ri utilizatsiyasi atrof-muhit hamda inson salomatligi uchun jiddiy tahdid tug‘diradi.
Mazkur tashabbus doirasida butun mamlakat bo‘ylab 100 ta maxsus konteyner o‘rnatildi. Yig‘ish punktlarining aniq manzillari www.batareykalar.uz platformasida joylashtirilgan bo‘lib, har bir fuqaro o‘ziga eng yaqin konteynerni osongina topishi mumkin.
Hozirda respublika hududlarida 28 ta chiqindi yig‘ish punkti faoliyat yuritmoqda. Har bir punkt Ekologiya vazirligi hamda Chiqindilarni boshqarish agentligining hududiy boshqarmalarida va Korzinka supermarketlarida joylashtirilgan. Toshkent shahrida esa 72 ta punkt ishga tushirilgan bo‘lib, ularning yarmi Korzinka do‘konlarida, qolganlari davlat idoralari va ta’lim muassasalarida joylashgan.
Garchi O‘zbekistonda hozircha batareykalarni qayta ishlashga ixtisoslashgan zavod mavjud bo‘lmasa-da, loyiha ekologik xavfsizlik talablari asosida, mustaqil tashabbus sifatida amalga oshirilmoqda. Yig‘ilgan barcha batareykalar xavfsiz sharoitda vaqtincha saqlanadi va keyinchalik "No Waste" kompaniyasi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq utilizatsiya qilinadi.
Loyiha aholini moddiy rag‘batlantirishsiz amalga oshirilmoqda. Bunda asosiy e’tibor — fuqarolarda ekologik madaniyatni shakllantirish va chiqindilarni ongli ravishda boshqarish borasida mas’uliyatni oshirishga qaratilgan.
Loyiha hamkorlari Ekologiya vazirligi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotini rivojlantirish agentligi, "Korzinka" supermarketlar tarmog‘i, "Murad Buildings" kompaniyasi hisoblanadi.
www.batareykalar.uz loyihasi — O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarishning samarali tizimini shakllantirish va aholining ekologik mas’uliyatini oshirish yo‘lida muhim qadamdir.