Kelajak startaplari: "Eco Expo"da O‘zbekistonning barcha hududlaridan ekologik tashabbuslar namoyish etildi
2025-06-21 19:00:00 / Yangiliklar

Ishtirokchilar orasida "Ecomobile" loyihasi alohida e’tibor qozondi. Uni Turin politexnika universiteti jamoasi taqdim etdi. Loyiha yashil energiyada ishlovchi ekologik transport vositasini ishlab chiqishga qaratilgan bo‘lib, zararli chiqindilarni kamaytirishga xizmat qiladi. Mazkur vosita shaharlarda ham, ekoturizmda ham foydalanish uchun mo‘ljallangan. "Ecomobile" zamonaviy ekologik muammolarga javob beradigan barqaror harakatlanish imkoniyatini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Sarvinoz Shermatovaning "Liveco.uz" loyihasi sholi qipig‘idan ekologik mahsulotlar — qog‘oz, bioparchalanadigan paketlar, faollashtirilgan koʻmir (ugol) dorisi va bolalar salomatlik qutichasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Bu mahsulotlar xavfsiz, ekologik toza va "Liveco.uz" brendi ostida iste’molchiga taqdim etiladi. Loyiha bir vaqtning o‘zida havoni va tuproqni ifloslanishdan himoya qiladi, plastikni zararsiz vositalarga almashtiradi va chiqindilardan iqtisodiy foyda yaratadi.
Oyshabonu Narzullaevaning "Solvia" loyihasi — raqamli platforma oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ko‘mak berishga qaratilgan. Qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini taqsimlash, ularni hayvonlar uchun yem yoki o‘g‘itga aylantirish orqali loyiha ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga kompleks yondashadi. Ushbu sirkulyar iqtisodiyot modeli kichik bizneslar ham barqaror va jamiyatga foydali bo‘lishi mumkinligini isbotlaydi.
Muhim loyihalar qatorida "Mangrovlarni tiklash" tashabbusi ham bo‘ldi. Asliddinbek Tursunniyozov tomonidan ilgari surilgan bu loyiha qirg‘oq zonalarida mangrov o‘rmonlarini tiklashga qaratilgan. Bunday o‘rmonlar eroziya va iqlim xavflaridan himoya qiladi, yovvoyi tabiat uchun tabiiy muhit yaratadi va karbonat balansini yaxshilaydi.
Jumagul Turg‘unbayeva tomonidan ishlab chiqilgan ekogips plitalari ham katta qiziqish uyg‘otdi. U ishlab chiqarishda mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilaridan foydalangan holda arzon, ekologik toza qurilish materialini yaratishga muvaffaq bo‘lgan.
Qayta ishlash yo‘nalishidagi loyihalardan biri — "TILE MOSAIC" bo‘ldi. Bu tashabbus qayta ishlangan plastikdan mustahkam va arzon qurilish plitkasi ishlab chiqarishga qaratilgan. Loyiha muallifi — Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabasi Madinaxon Mustofoyeva.
"Growz" — sun’iy intellektga asoslangan raqamli platforma bo‘lib, Laziz Iskandarov tomonidan ishlab chiqilgan. Bu servis mikrofermerlarga o‘simlik kasalliklarini aniqlash, davo choralarini tanlash va mahsulot xaridini onlayn amalga oshirish imkonini beradi. "Growz" fermerlikni zamonaviy, daromadli va ekologik xavfsiz soha sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jahongir Ortiqov tomonidan taqdim etilgan "Wasteless" loyihasi HoReCa sektorida chiqindilarni saralash va olib chiqish jarayonini avtomatlashtiradi. Ilova restoran va mehmonxonalarni qayta ishlovchi korxonalar bilan bog‘laydi, hujjatlar yuritilishini yengillashtiradi va bonuslar, ekologik belgilar orqali rag‘batlantirish mexanizmini yaratadi.
"Hunteruzb.uz" loyihasi ham e’tibor markazida bo‘ldi. Bu — ovchilik, kvotalar va ekologik monitoringni boshqarishga mo‘ljallangan milliy raqamli platforma. Loyiha ruxsatnomalarni kuzatish, statistik ma’lumotlarni yig‘ish va tabiiy resurslardan foydalanishda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. U Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va allaqachon amaliyotga joriy etilgan.
Shuningdek, Murad Komilov tomonidan taqdim etilgan "YashilOlam.uz" platformasi ham dolzarb yechim sifatida namoyon bo‘ldi. U ekologik savodxonlikni oshirish, karbon izini hisoblash, daraxt ekish aksiyalarini tashkil qilish va yashil tashabbuslarni rag‘batlantirishga qaratilgan raqamli vositalarni taklif etadi. Platforma keng auditoriyaga — o‘quvchilar, talabalar, faollar va nodavlat notijorat tashkilotlariga mo‘ljallangan.
Ko‘rgazma davomida barcha ishtirokchilarga o‘z loyihalarini davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va investorlar oldida taqdim etish imkoni yaratildi. Startaplar yangilik, barqarorlik, kengayish salohiyati va Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shgan hissasi bilan e’tirof etildi. Ayrim loyihalar esa xususiy sektor va vazirliklar bilan hamkorlikda amaliyotga tatbiq etila boshlandi.
"Eco Expo Central Asia 2025" O‘zbekiston yoshlari ekologiyani nafaqat muhokama qilish, balki uni amaliy harakatlar bilan o‘zgartirishga ham tayyor ekanligini yaqqol isbotladi. Ushbu startaplar — barqaror kelajakni aynan bugun yaratish mumkinligining yaqqol isboti.