“Eco Expo-2025”da chiqindilarni boshqarish sohasi rivojiga doir 40 dan ortiq kelishuv imzolandi
2025-06-23 17:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hamda vazirlik huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov ishtirokida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ekologik barqaror rivojlanishni ilgari surish bo‘yiсha jami 4 ta bitim imzolandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish agentligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining Yashil texnologiyalar va investitsiya loyihalari xalqaro markazi o‘rtasida "yashil" iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish, chiqindilarni samarali boshqarish va "yashil" loyihalarga investitsiyalarni jalb etish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Agentlik Qozog‘istonning "ReBin" kompaniyasi bilan ham chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida zamonaviy yechimlarni ishlab chiqish va qayta ishlashni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar olib borilib, memorandum imzolandi.
Qolaversa, elektron chiqindilarni qayta ishlash sohasida “Zero Waste” MCHJ sanitar tozalash korxonasi hamda “Technic Destroy” MCHJ (Qozog‘iston) bilan hamda chiqindilarni qayta ishlash sohasida “NO WASTE” MCHJ va “Food Waste” MCHJ (Qozog‘iston) bilan anglashuv memorandumi tasdiqlandi.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida ekologik masalalarning eng dolzarb bo‘g‘ini bo‘lgan chiqindilarni boshqarish sohasi bo‘yicha respublikaning barcha viloyatlari tomonidan Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Norvegiya, Belorussiyaning yirik kompaniyalari hamda turli mahalliy chiqindilarni qayta ishlovchi va sohadagi texnika-mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ishtirokida ham qo‘shimcha 36 ta shartnoma imzolanib, hamkorliklar kelishib olindi.
Xususan:
— Buxoro viloyatida chiqindini qayta ishlab, sement zavodlari uchun yoqilg‘i olish, oqova suv tozalash inshootlarini o‘rnatish, umumiy ovqatlanish shaxobchalari uchun filtrlar o‘rnatish va yer osti chiqindi konteynerlarini o‘rnatish, plastik chiqindilardan gul va daraxtlar uchun tuvaklar ishlab chiqish va 10 dona qayta ishlanadigan chiqindilarni qabul qiluvchi fondamat uskunasini xarid qilish bo‘yicha;
— Jizzax viloyatida oziq-ovqat, plastik, shisha va alyuminiy chiqindilarni qayta ishlash hamda qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish uchun kichik motorollerlar xarid qilish bo‘yicha;
— Navoiy viloyatida oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha;
— Namangan viloyatida maishiy chiqindi qutilarini xarid qilish bo‘yicha;
— Samarqand viloyatida qog‘oz va organik chiqindilarni hamda litiy-ionli batareykalarni qayta ishlash bo‘yicha;
— Surxondaryo viloyatida chiqindilarni saralashga mo‘ljallangan fondamat yetkazib berish hamda chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha;
— Sirdaryo viloyatida maishiy chiqindi poligonlarida ularni qayta ishlash texnologiyasini joriy etish bo‘yicha;
— Toshkent viloyatida litiy-ionli batareykalarni qayta ishlash zavodini qurish hamda oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha;
— Farg‘ona viloyatida organik chiqindilarni qayta ishlashda tajriba almashish hamda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash va qurilish chiqindilaridan tayyor mahsulot ishlab chiqish bo‘yicha;
— Xorazm viloyatida ikkilamchi polimer, plastmassa chiqindilarni qayta ishlash hamda etilen polimerlar, granula va maishiy chiqindi konteynerlarini yetkazib berish bo‘yicha;
— Toshkent shahrida organik chiqindilarni qayta ishlash, batareyka va elektromobil batareykalarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash hamda oqova suv tozalash inshootlarini qurishni loyihalash va biologik tozalash ishlarini olib borish bo‘yicha memorandumlar imzolanib, kelishuvlarga erishildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Eco Expo Central Asia 2025” ko‘rgazmasi doirasida chiqindilarni boshqarish sohasidagi hamkorliklar ekologik barqarorlik barobarida aylanma iqtisodiyotning rivoji uchun ham ahamiyatli bo‘ldi.