Rasmiy munosabat
2025-01-03 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur talqinlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xatida fuqaroga murojaat qilgan masalasi bo‘yicha to‘g‘ri tushuntirish berilgan. Biroq, Telegram messenjerida ushbu xatda keltirilgan masalalarni asoslovchi normativ-huquqiy hujjatlar noto‘g‘ri talqin qilinib, natijada jamoatchilikni chalg‘itishga olib kelmoqda.
Vazirlikka talaba Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 20-bandiga asosan O‘zbekiston milliy universiteti tomonidan o‘zini o‘qishdan chetlashtirish borasida noto‘g‘ri qaror chiqarilgani yuzasidan murojaat qilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan berilgan javob xatida esa talabaga yuqorida keltirilgan hujjatga asosan emas, balki Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 36-bandi “d” kichik bandiga muvofiq, ya'ni talaba bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli oliygohdan chetlashtirilganligi haqida rasmiy ma’lumot berilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarori bilan tasdiqlangan nizom oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish tartibini belgilashi haqida ma’lumot berilgan.
Shu bois, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalar va keng jamoatchilikdan rasmiy manbalarga tayanishni, noto‘g‘ri talqin qilingan axborotlarga e’tibor bermaslikni so‘rab qoladi.