Texnikumlar uchun namunaviy shtatlar tasdiqlandi
2025-03-25 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktyabrdagi PF-158-sonli farmoni ijrosini ta’minlash hamda kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish maqsadida akademik litsey va texnikumlar uchun boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarning namunaviy shtatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ushbu o‘zgarishlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining qo‘shma qarori asosida tasdiqlandi va Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 25-martda 3119-4-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu hujjatga asosan:
- Texnikumlar uchun yangi shtat birliklari tasdiqlandi.
- Xalqaro ta’lim dasturlari joriy qilinadigan texnikumlarda “Xalqaro ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi” tashkil etiladi (5 ta shtat birligi ajratiladi).
- Boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlarda “Harbiy chaqiriqgacha tayyorgarlik rahbari” va “Jismoniy tarbiya rahbari” lavozimlari saqlab qolinadi.
Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Bu o‘zgarishlar kasbiy ta’lim muassasalarining boshqaruv tizimini takomillashtirish, xalqaro standartlarga moslashish va malakali kadrlar tayyorlash jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.