“Oliy taʼlimda grantlar: yangi tartib va imkoniyatlar hamda vazirlikning 2024-yilgi faoliyati” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi
2025-03-26 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Press-konferensiyada Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev hamda departament boshligʻi Abduvali Xoliqov ishtirok etdi.
Soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimida taʼlim sifatini oshirishga qaratilayotgan islohotlar oʻz samarasini berib kelmoqda. Bu jarayonda davlat tomonidan taʼlim sohasiga berilgan eʼtibor, xususan, davlat grantlarini taqsimlashdagi zamonaviy yondoshuvlarning joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martda qabul qilingan 149-sonli qarori oliy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, grantlarni adolatli va samarali taqsimlash hamda yoshlarga teng imkoniyatlar yaratishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi. Mazkur qaror doirasida iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni ragʻbatlantirish, talabalar oʻrtasida raqobat muhitini yaratish mexanizmi takomillashtirilib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash jarayoni yanada rivojlantirilmoqda.
Qarorga koʻra, oliygohlarda davlat granti kvotalarini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash amaliyoti joriy etildi. Endilikda ikkinchi va undan yuqori kurslarda tahsil olayotgan, oʻzlashtirish koʻrsatkichi yuqori boʻlgan ijtimoiy faol talabalarga taʼlim granti toʻliq va toʻliq boʻlmagan shakllarda taqdim etiladi.
Shuningdek, mazkur hujjatga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan ayrim toifadagi talabalarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratildi. Ushbu toifadagi talabalar oʻzlashtirish koʻrsatkichiga qarab ikki turdagi grantdan foydalanishi mumkin. Birinchi turdagi grant orqali ularning kontrakt toʻlovi Davlat byudjetidan toʻliq qoplanadi, ikkinchi turdagi grantda esa moliyaviy mustaqil oliygohlarning mablagʻlari hisobidan kontrakt summasining maʼlum bir qismi qoplab beriladi.
Bundan tashqari, ushbu toifadagi abituriyentlar uchun davlat granti kvotasidan tashqari 10 foizgacha qoʻshimcha grantlar ajratiladi. Davlat grantiga oʻtish balining 80 foizidan yuqori natija koʻrsatgan abituriyentlar ushbu grantlar orqali oʻqishga kirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Talabalar uchun yana bir muhim yangilik – oʻzlashtirish koʻrsatkichi 3,5 va undan yuqori boʻlgan ayrim toifadagi talabalarga keyingi oʻquv yili uchun foizsiz taʼlim krediti ajratiladi. Bu imkoniyat orqali yoshlarimiz taʼlim olish jarayonida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmaydi.
Grantlarni taqdim etish jarayoni shaffoflik va xolislik tamoyillariga asoslanadi. Barcha talabgorlar oliygohlarning rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda ariza topshirishi mumkin. Grantlarga talabgorlar oliygohlar huzurida tashkil etiladigan maxsus komissiyalar tomonidan baholanib, natijalar yangi oʻquv yili boshlanishidan oldin eʼlon qilinadi.
Bu islohotlar yurtimizda yoshlarning oliy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, tenglikni taʼminlash va kelajak avlodning bilimli va malakali kadrlar boʻlib yetishishiga xizmat qiladi.
Press-konferensiya davomida masʼullar jurnalistlarning hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan savollarga javoblar berdilar.