Toshkent shahrida birinchi “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yakunlandi
2025-04-17 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Festivalda umumiy hisobda 5000 nafardan ziyod yoshlar, 10 dan ziyod xorijlik ekspertlar, 25 tadan ortiq oliy taʼlim muassasalari hamda turli sohalar vakillari qatnashdi. Dastur doirasida 11 turdagi musobaqalar, 10 ga yaqin mavzuda seminar-treninglar va hakatonlar tashkil etildi.
Festivalning yopilish marosimida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi direktori Adham Xudoyqulov, Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Yoshlar ishlari agentligi direktor oʻrinbosari Feruz Ablayarov, Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati boshqaruv raisi maslahatchisi Shavkat Nabiyev yosh muhandislarni muborakbod etib, talovlar gʻoliblariga mukofotlar, esdalik sovgʻalarini topshirdilar.
Robototexnika va aviatsiya – qizgʻin bellashuvlar maydoni
Robototexnika boʻyicha amaliy musobaqalar 6 ta yoʻnalishda oʻtkazilib, unda 275 nafardan ortiq maktab oʻquvchilari va 65 ta oliy ta'lim muassasalari talabalari ishtirok etdi. Bu – umumiy hisobda 340 nafar yosh muhandisning innovatsion gʻoyalarini sinovdan oʻtkazish maydoniga aylandi.
Aviatsiya musobaqalari esa talabalar, harbiy qism kursantlari va boshqa yoshlar ishtirokida yuqori saviyada tashkil etildi. 15 dan ziyod oliy taʼlim muassasalaridan kelgan 200 nafardan ziyod yoshlar oʻz bilim va mahoratlarini namoyon etishdi.
Innovatsiya markazida – hakaton va 3D modellashtirish
Festival doirasidagi muhim tadbirlardan biri — sanoat korxonalari muammolariga yechim topish maqsadida oʻtkazilgan hakaton boʻldi. 50 nafar yosh ishtirokchi agrar sohadagi dolzarb muammolarga innovatsion yondashuv orqali yechimlar taklif qilishdi.
3D modellashtirish musobaqasida 270 nafar yosh oʻz bilim va salohiyatini namoyon etish imkoniga ega boʻldi. Bu yoʻnalishdagi musobaqa yoshlar oʻrtasida zamonaviy raqobatbardosh kasblarga boʻlgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qildi.
Interaktiv koʻrgazma – ilmiy salohiyat namoyishi
Festivalning eng yorqin voqealaridan biri bu — interaktiv koʻrgazma boʻldi. Unda yurtimizdagi iqtidorli yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan 200 dan ortiq ishlanmalar, 30 ta Art Engineering mahsulotlari, 42 ta stend, 1000 nafardan ziyod ishtirokchi va 16 yoʻnalishdagi loyihalar taqdim etildi.
Art Engineering — bu sanʼat va texnologiyaning uygʻunlashgan shakli boʻlib, unda har bir ishtirokchi texnik fikrlashni estetik did bilan uygʻunlashtirgan holda noyob innovatsion yondashuvlarni namoyish etish imkoniga ega boʻldi.
Seminarlar va mahorat darslari – ilmiy muloqot va tajriba almashinuvi
Festival doirasidagi seminar va mahorat darslari muhandislik, robototexnika, innovatsiyalar sohalaridagi zamonaviy tendensiyalar, grantlar, gʻoyalar va tashabbuslar muhokama qilindi. Ularda 11 ta oliy taʼlim muassasasidan 500 nafar talabalar va 5 nafar innovatsiya sohasidagi mutaxassislar qatnashdi.
Tadbirlar orqali yoshlar nafaqat bilim, balki hayotiy tajriba va ilmiy yechimlar bilan ham boyishdi. Ularning kelgusidagi faoliyatida bu turdagi platformalar katta ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Festival yakunlari – gʻoliblar taqdirlandi, yangi yulduzlar kashf etildi
Festival yakunlari ham undagi shiddatli ruh va ijodiy muhitga monand tarzda oʻtdi. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblar tantanali ravishda taqdirlandi, turli nominatsiyalar boʻyicha eng yaxshi yosh innovatorlar aniqlandi. Kelajak muhandislari safidagi yoshlar mamlakatning ilmiy va texnologik taraqqiyotida munosib oʻrin egallashiga shubha yoʻq.