“Tech Horizon 2025”: Taʼlim va innovatsiyalar chorrahasidagi xalqaro sammit
2025-04-18 12:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov tantanali ravishda ochib berdi. Vazirning taʼkidlashicha, bu kabi anjumanlar zamonaviy taʼlim tizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjumanda 15 nafarga yaqin xorijiy olimlar, 300 dan ziyod mahalliy professor-oʻqituvchi, doktorant, mustaqil tadqiqotchi va iqtidorli talabalar faol ishtirok etdi. Shuningdek, yetakchi IT kompaniyalar va ish beruvchi tashkilotlar vakillari ham sammit doirasida oʻtkazilgan baxs-munozaralarda qatnashdilar.
Sammitda sunʼiy intellekt, taʼlimni raqamlashtirish, zamonaviy oʻqitish metodlarining oʻrni va xalqaro tajriba almashinuvi masalalari muhokama qilindi. 250 dan ortiq maqola taqdim etildi, shundan 150 tasi ilmiy kengash tomonidan saralanib, interaktiv muhokamalarga sabab boʻldi. Maqolalar Index Copernicus, Zenodo, OpenAIRE va ilmiyanjumanlar.uz orqali eʼlon qilinib, Google Scholarʼda indekslanishi rejalashtirilgan.
Anjuman quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oldi: IT va taʼlim, AI asosidagi individual yondashuvlar, innovatsion oʻqitish, pedagoglar malakasini oshirish, taʼlimni raqamlashtirish, xalqaro reytinglarga integratsiya, til oʻrganishda raqamli texnologiyalar va multimediali taʼlim kontenti yaratish.
Anjuman ilmiy gʻoyalarni amaliy loyihalarga aylantirish, yangi hamkorliklar asosini yaratish va taʼlimda raqamli transformatsiyani chuqurlashtirishga xizmat qildi.