Oʻzbekiston va Vengriya: startap loyihalar, ilmiy hamkorlik, qoʻshma laboratoriyalar hamda tajriba almashinuvi yangi bosqichga koʻtariladi
2025-04-29 21:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Sh.Daliyev Oʻzbekiston Vengriyani Yevropadagi yetakchi innovatsiya markazlaridan biri sifatida eʼtirof etishini va mazkur sohadagi aloqalarni yanada mustahkamlashga katta ahamiyat qaratilishini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida oʻtgan yillarda amalga oshirilgan qoʻshma startap tanlovlari samaralari tahlil qilindi. Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama ilmiy loyihalar tanlovini davom ettirish va ustuvor yoʻnalishlar doirasini kengaytirish masalasi ham muhokama qilindi.
Shohrux Daliyev tomonidan ilmiy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash uchun hamkorlikda moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish hamda olimlar va tadbirkorlar oʻrtasidagi ilmiy loyihalar sonini koʻpaytirish taklifi bildirildi.
Uchrashuvda kelgusi hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida innovatsiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlik alohida qayd etildi. Tomonlar ushbu sohada qoʻshma tadqiqotlar, laboratoriyalar va taʼlim dasturlarini tashkil etish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga kelishib oldilar.
Ikki mamlakat mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, seminarlar, stajirovkalar va amaliy tashriflar tashkil etish orqali innovatsion infratuzilmani rivojlantirish borasida ham aniq takliflar bildirildi. Jumladan, texnoparklar, startap-inkubatorlar va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish mexanizmlari borasida oʻzaro hamkorlik muhim ekani taʼkidlandi.
O‘z navbatida akademik hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston-Vengriya Rektorlar forumini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.