Budapesht deklaratsiyasi: Turkiy davlatlar va Vengriya oʻrtasida taʼlim, fan va madaniyat sohalarida yangi hamkorlik davri
2025-04-29 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Sammit yakunida ishtirokchi davlatlar oliy taʼlim, tadqiqot, innovatsiya va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan deklaratsiyani imzoladilar.
Deklaratsiyada universitetlar oʻrtasida diplom va darajalar ekvivalentligini mustahkamlash, qoʻshma va ikki diplomli dasturlarni joriy etish, shuningdek, Vengriya tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xalqaro stipendiya dasturlarida turkiy davlatlar ishtirokini kengaytirish kabi vazifalar belgilandi. STEM+ yoʻnalishlarida hamkorlikni kuchaytirish, qoʻshma konferensiyalar va ilmiy tadbirlar tashkil etish ham deklaratsiyaning ustuvor maqsadlaridan sanaladi.
Shuningdek, deklaratsiya doirasida sunʼiy intellekt, biotexnologiya va qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va mintaqaviy innovatsion jamgʻarmani tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, kino sanoatini rivojlantirish, madaniy qadriyatlarni targʻib qilish va muzeylar oʻrtasida tajriba almashishga doir yoʻnalishlar ham deklaratsiyada oʻz ifodasini topdi.
Madaniy merosni saqlash va uni kelajak avlodlarga yetkazish masalasi ham deklaratsiyaning muhim qismi sifatida qayd etildi. Xususan, muzeyshunoslik, madaniy merosni boshqarish, kino sanʼati va media savodxonligi sohalarida pedagoglar tayyorlash orqali yangi avlod mutaxassislarini yetishtirish koʻzda tutilgan.
Deklaratsiyada belgilangan qoʻshma tashabbuslar mintaqa mamlakatlarining raqobatbardoshligini oshirish, yangicha gʻoya va imkoniyatlarga yoʻl ochish, shuningdek, turkiy hamkorlikning zamonaviy salohiyatini toʻla namoyon etishga xizmat qiladi. Budapeshtda imzolangan mazkur deklaratsiya oʻzaro ishonch, hamjihatlik va mushtarak qadriyatlarga asoslangan hamkorlikning yana bir muhim tarixiy marrasi boʻldi.