Vazir Urganchdagi Jamoat salomatligi texnikumi faoliyati bilan tanishdi
2025-05-01 22:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif doirasida vazir taʼlim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan ishlar, oʻquv jarayoni va amaliy mashgʻulotlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, oʻquv-amaliy mashgʻulotlarda qatnashib, oʻquvchilarning tibbiy model va mulyajlardan foydalangan holda amaliy koʻnikmalarni bajarish jarayonini kuzatdi.
Vazir texnikum qoshida faoliyat yuritayotgan trening markazi hamda zamonaviy oʻquv laboratoriyalari faoliyatini ham koʻzdan kechirdi. Ayniqsa, yoshlarning chet tillarini oʻrganish va kasb egallashga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash, ularni ichki va tashqi mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar sifatida tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. “Nemis tili” oʻquv kursi faoliyati bilan tanishar ekan, ushbu tashabbusning ahamiyatini alohida qayd etdi.
Tashrif davomida Q.Sharipov taʼlim va tarbiya sohasidagi islohotlar, xalqaro tajribalar, zamon talablariga mos kadrlar tayyorlash zarurligi hamda yoshlarning maʼnaviy kamoloti masalalari yuzasidan oʻz mulohaza va takliflarini bildirdi.