Qoraqalpogʻistonda texnikumlar faoliyati tanqidiy tahlil qilindi
2025-05-03 17:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov raisligida oʻtgan yigʻilishda taʼlim sifati, pedagog kadrlar salohiyati, infratuzilmadan samarali foydalanish, dual taʼlimni joriy etish, hamkorlik va investitsiyalarni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Vazir mazkur yoʻnalishlarda hal etilishi lozim boʻlgan bir qator tizimli masalalarga eʼtibor qaratdi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda Qoraqalpogʻistonda 43 ta texnikumda 18 ming nafardan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Shu bilan birga, taʼlim jarayoni, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, bitiruvchilarni mehnat bozori talablariga mos holda ishga joylashtirish borasida yanada yaxshilanishi lozim boʻlgan yoʻnalishlar mavjudligi qayd etildi.
Yigʻilishda taʼlim jarayonining samaradorligini oshirish, amaliy koʻnikmalarni mustahkamlash, pedagoglarning malakasini oshirish, infratuzilmadan toʻliq va maqsadli foydalanish boʻyicha takliflar bildirildi. Shuningdek, maʼlumotlar aniqligi va hisobotlardagi shaffoflikni taʼminlash, dual taʼlim tizimini keng joriy etish, investitsiyalarni jalb etish boʻyicha ham takliflar berildi.
Yigʻilishda bir qator texnikum rahbarlarining hisobotlari tinglandi va ular faoliyati tahlil etildi. WorldSkills kabi xalqaro tanlovlarda oʻquvchilar faolligini oshirish zarurligi alohida qayd etildi, bu taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida masʼul rahbarlarga aniq vazifalar belgilab berildi va yaqin kelajakda mavjud masalalarni hal etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi lozimligi taʼkidlandi.
Vazir Elikqalʼa Ibn Sino Jamoat salomatligi texnikumi hamda Elikqalʼa tuman politexnikumi faoliyati bilan tanishdi. Xususan, vazir Elikqalʼa Ibn Sino Jamoat salomatligi texnikumida taʼlim jarayoni, laboratoriya va amaliy mashgʻulot xonalarining jihozlanishi, oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. U taʼlim jarayonida ilgʻor pedagogiκ metodlar, zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalaridan foydalanish, amaliyot bazalarini mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, vazir Elikqalʼa tuman politexnikumida ham boʻlib, u yerda muhandislik, texnik xizmat koʻrsatish, qurilish va boshqa yoʻnalishlarda oʻquv jarayonlari qanday tashkil etilganini koʻzdan kechirdi. U texnik taʼlim sifatini oshirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, dual taʼlim mexanizmini amaliyotga tatbiq etish zarurligini alohida qayd etdi.
Vazir taʼlim muassasalari rahbarlariga nafaqat oʻquv-tarbiya ishlari, balki moliyaviy, moddiy-texnika bazasini yaxshilash, mahalliy hokimliklar, tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borish boʻyicha tavsiyalar berdi