O‘zbek–Fransuz universiteti: yangi bosqichdagi hamkorlik poydevori
2025-05-19 16:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Departament rahbari Odil Abdurahmonov, Fransiya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Anne-Mari Deskot, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aureliya Bushe, shuningdek Puate, Renn, Lion-2, Gavr-Normandiya kabi yetakchi fransuz universitetlari rahbarlari, yurtimizning yetakchi oliygohlari rektorlari hamda delegatsiya a’zolari ishtirok etmoqda.
Ma’lumki, joriy yil 12-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida O‘zbekistonda O‘zbek–Fransuz universitetini tashkil etish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv imzolangan edi. Mazkur hujjat ikki tomonlama uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim siyosiy va huquqiy asosni yaratdi.
Forum kun tartibidagi eng asosiy masala — joriy yil 1-sentyabrdan ish boshlashi kutilgan O‘zbek–Fransuz universitetini tashkil etish va uning ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga bag‘ishlandi. Ilk bosqichda universitetda "Fransuz tili va adabiyoti" yo‘nalishida magistratura dasturi yo‘lga qo‘yilishi, keyinchalik esa bioinformatika va qayta tiklanadigan energiya manbalari, intellektual transport tizimlariga ixtisoslashgan muhandislik va logistika fakultetlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Anjumanda fransuz ish beruvchi kompaniyalari bilan amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari asosida "dual ta’lim" modelini joriy etish, ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt, raqamlashtirish, BIM texnologiyalari va yashil energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarni integratsiyalash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Shuningdek, ikki tomonlama diplom berish tizimini joriy etish, fransuz professorlarini O‘zbekistonga leksiyalar o‘qish uchun taklif etish, o‘qituvchilarni Fransiyada malaka oshirishga yuborish, qo‘shma ilmiy maqolalar tayyorlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik tarixiy asoslarga ega. Fransiyaning Strasburg universiteti, Parijdagi Xalqaro moda akademiyasi, "Vatel" mehmonxona va turizm biznes maktabi, Tuluza universiteti va boshqa qator nufuzli ta’lim muassasalari O‘zbekiston oliygohlari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ikki kunlik forum, shubhasiz, O‘zbekiston–Fransiya o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi va ikki davlat oliy ta’lim tizimlari integratsiyasining muhim bosqichi sifatida tarixga kiritiladi.