INMACOM loyihasi bo‘yicha navbatdagi hisobot uchrashuvi Italiyaning Turin shahrida bo‘lib o‘tdi
2025-05-20 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur loyiha Yevropa Ittifoqining Erasmus+ CBHE dasturi doirasida amalga oshirilmoqda va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu xalqaro tashabbusda asosiy strategik hamkor sifatida faol ishtirok etmoqda.
Turindagi uchrashuvda Belgiyaning Bryussel Erkin universiteti hamda Gent universiteti, Italiyaning Turin politexnika universiteti, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, shuningdek, “O‘zbektelekom” AK va “Mir Solar” MChJ tashkilotlaridan mutaxassislar ishtirok etdi.
Loyiha doirasida amalga oshirilgan asosiy ishlar:
- O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetida “Fotonika”, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Urganch filialida “Fotonika va optik aloqa” magistrlik dasturlari yo‘lga qo‘yildi;
- Zamonaviy o‘quv dasturlari ishlab chiqildi;
- Hamkor OTMlarda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi.
Loyiha to‘liq nomi – “INMACOM: O‘zbekistonning telekommunikatsiyalar mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish uchun fotonika va optik aloqalar bo‘yicha innovatsion magistrlik dasturi” bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekistondagi to‘rtta hamkor oliy ta’lim muassasasida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha yangi magistrlik dasturlarini joriy etishdan iborat.
INMACOM loyihasi O‘zbekistonda fotonika va optik aloqa sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashga, shuningdek, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.