Qizlar uchun «Technovation Girls Uzbekistan 2024» xalqaro tanlovining yangi mavsumiga start berildi
2024-02-07 19:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Technovation Girls — har yili dunyoning 160 ta mamlakatida o‘tkaziladigan qizlar uchun xalqaro texnologik tanlov. Uning maqsadi ishtirokchi qizlarga “moslashuvchan” ko‘nikmalarni berish, ularni IT-texnologiyalar va texnologik sohalardagi tadbirkorlikka qiziqtirishdan iborat.
12 haftalik dastur marketing, dasturlashtirish, biznes-ko‘nikmalar va taqdimot ko‘nikmalari bo‘yicha ta’lim modullarini o‘z ichiga olgan. Qizlar texnologiyalar yordamida ijtimoiy ahamiyatga ega muaammolarni hal qilish va Barqaror Rivojlanish Maqsadlari bilan bog‘liq sohalarda innovatsion mobil ilovalar yaratishni o‘rganadilar.
– Har yili “Technovation Girls” dasturi yuzlab qizlarni texnologiyalar sohasiga jalb qilmoqda, vazirlik doim bunday ta’lim va ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki shu tufayli qizlar STEM sohasiga qiziqmoqda va XXI asrning istiqbolli kasblarini o‘zlashtirish uchun ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. “Technovation” dasturining 2024-yil, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan e’lon qilingan «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da o‘tkazilishi juda dolzarb hisoblanadi», - deydi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining o‘rinbosari Shaxlo Turdikulova.
«IT bu – ayollarning sohasi emas, degan tushunchalar allaqachon eskirdi. Biz “Yandeks” misolida tahlil, testdan o‘tkazish, ishlab chiqish, ML (mashinaga o‘rgatish) sohalariga ayol mutaxassislarning yangi avlodi kelayotganini ko‘ryapmiz. Rahbar ayollar murakkab texnologiik loyihalarni rivojlantirmoqda. Nazarimda, kishilar ongidagi bunday siljish qizlar kichkinaligidan texnologik servislar bilan o‘zaro munosabatda bo‘layotgani va ushbu sohada ko‘proq rolli modellarni ko‘rayotgani uchun imkonli bo‘lmoqda. Bu qiziqishni chuqurlashtirish muhim, shu bois biz O‘zbekistonda “Technovation» dasturini qo‘llab-quvvatlayapmiz. Bunday loyihalar g‘oyadan to‘laqonli loyihagacha bo‘lgan yo‘lni mustaqil ravishda bosib o‘tish imkonini beradi. Bu birinchi muhim bosqich bo‘lib, kelgusida qizlarning karerasini belgilab berishi mumkin», - deydi Darya Zolotuxina, “Yandex” kompaniyasining HR-direktori.
O‘zbekiston jamoalari quyidagi mavzularda mobil ilovalarni ishlab chiqadi: bulling va diskriminatsiyani kamaytirish uchun AI (sun’iy intellekt)dan foydalanish, zilzilalar paytida yordam berish uchun robotlarning prototiplarini yaratish, gender tengsizligini kamaytirish, atmosferaga CO2 tashlanishlarini kamaytirish, daraxt ekish, havo sifatini nazorat qilish, eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari va grantlarni izlash, mental salomatlik, ayollar uchun qisman bandlik bo‘yicha va hokazo loyihalar.
2023-yilda Kremniy vodiysida (AQSh) o‘tkazilgan “Technovation” dasturining xalqaro finalida O‘zbekistonning “Tecnas” jamoasi maktablar uchun VR-laboratoriya ilovasi bilan ilk bor xalqaro tanlovning finaliga chiqdi va “Social Impact Award” nominatsiyasida (bu ijtimoiy muammolarni hal qilishga o‘z hissasini qo‘shgan eng yaxshi “Technovation” loyihasi uchun mukofot) g‘oliblikni qo‘lga kiritib, butun dunyodan tashrif buyurgn 2500 dan ortiq jamoa orasida 12 ta eng yaxshi finalchi jamoa safidan o‘rin oldi.
“Technovation Girls Uzbekistan” tanloviga ro‘yxatdan o‘tish 2024-yil 15-fevralgacha ochiq. “Technovation” dasturida qatnashishga mamlakatning barcha hududlaridan 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar taklif etiladi. Offlayn-treninglar va seminarlar 6 ta shaharda bo‘lib o‘tadi: Toshkent, Andijon, Namangan, Nukus, Samarqand va Farg‘ona. Onlayn-seminarlarda O‘zbekistonning barcha hududlaridagi jamoalar qatnashishi mumkin. Dasturda qatnashish bepul. Ingliz tilini bilish muhim.
Ishtirokchi qizlar va mentorlar tanlovning xalqaro saytida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak: https://my.technovationchallenge.org/
Batafsil ma'lumot: www.technovation.uz