O‘zbekistonning 12 ta oliy ta’lim muassasasi “THE Impact Rankings 2025” reytingida Top-1000 talik ro‘yxatga kirdi
2025-06-18 10:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari mintaqada eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida mutlaq yetakchiga aylandi.
Agentlik universitetlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) qoʻshgan hissasini tahlil qildi. Unda O‘zbekistonning 59 ta oliy ta’lim muassasasi qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich mintaqadagi eng yuqori natija hisoblanadi. Ushbu raqam bilan O‘zbekiston global miqyosda vakillik bo‘yicha 13-o‘rindan joy oldi.
Quvonarlisi, O‘zbekistonning 12 ta oliy ta’lim muassasasi jahonning Top-1000 talik universitetlari ro‘yxatidan munosib o‘rin oldi. Ular orasidan uchta universitet reytingning eng yuqori — 201–300 o‘rinlar bandida qayd etildi:
- Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti - 201–300
- O‘zbekiston Milliy universiteti - 201–300
- “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti - 201–300
- Toshkent davlat yuridik universiteti - 301–400
- Samarqand davlat universiteti - 401–600
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti - 401–600
- Buxoro davlat universiteti - 601–800
- Samarqand davlat tibbiyot universiteti -601-800
- Navoiy davlat universiteti -801-1000
- Toshkent davlat pedagogika universiteti -801-1000
- Toshkent davlat texnika universiteti -801-1000
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti -801-1000
Ta’kidlash joizki, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘tgan yilgi natijasi (301-400) ni 100 pog‘ona yaxshilagan bo‘lsa, O‘zbekiston Milliy universiteti va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti o‘tgan yilgi reytingdagi ko‘rsatkichi (601–800)dan joriy yilda 400 pog‘ona ortiq yuqorilab, keskin o‘sishga erishdi.
Reyting natijalariga ko‘ra, mintaqaning eng kuchli 10 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatidan O‘zbekistonning 7 ta universiteti o‘rin oldi. Bundan tashqari, mamlakat universitetlari BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) bo‘yicha 11 ta yo‘nalishda mintaqaviy yetakchi yoki qo‘shma yetakchi sifatida tan olingan.
Mazkur natijalar O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, ilmiy-innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish va universitetlarni jamiyat rivojiga faol jalb etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi sifatida qayd etildi.
Maʼlumot o‘rnida, 2021-yilda eʼlon qilingan “THE Impact Rankings” reytingidan yurtimizning 12 ta, 2022-yilda 30 ta, 2023-yilda 47 ta, 2024-yilda esa 53 ta oliy taʼlim muassasasi oʻrin egallagan edi.