O‘zbekiston oliy ta’limida tarixiy natija: QS World University Rankings 2026 ro‘yxatiga 7 ta OTM kiritildi
2025-06-19 08:00:00 / Vazirlik yangiliklari

19-iyun kuni e’lon qilingan “QS World University Rankings 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatidan o‘rin oldi
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 5 ta universitetga ortib, O‘zbekiston ushbu reytingda ilk bor ishtirok etgan universitetlar soni bo‘yicha jahonning 9 ta mamlakati qatoridan joy oldi.
Reytingga kiritilgan O‘zbekiston OTMlari:
“TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti — 469-o‘rin (2025-yilda =547)
O‘zbekiston Milliy universiteti — 721–730 (2025-yilda 781-790)
Toshkent davlat texnika universiteti — 901–950 (ilk bor)
Samarqand davlat universiteti — 1001–1200 (ilk bor)
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 1001–1200 (ilk bor)
Toshkent davlat transport universiteti — 1201–1400 (ilk bor)
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 1401+ (ilk bor)
Alohida qayd etish lozimki, O‘zbekistonning 4 ta oliygohi “Bitiruvchilar yutuqlari” indikatori bo‘yicha top-700 talikka kirgan:
Toshkent davlat texnika universiteti – 540-o‘rin
O‘zbekiston Milliy universiteti – 545-o‘rin
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti – 644-o‘rin
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 660-o‘rin
Xalqaro ekspertlar fikricha
“O‘zbekiston universitetlarining QS reytingidagi faol o‘sishi — ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik, innovatsion izlanishlar va raqobatbardoshlik yo‘nalishida olib borilayotgan tizimli islohotlar samarasidir”,
— deydi QS Quacquarelli Symonds kompaniyasining mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov.
*Eslatma: QS World University Rankings – 2004-yildan beri e’lon qilib kelinayotgan, oliy ta’lim muassasalarini 9 ta global indikator asosida baholovchi eng obro‘li xalqaro reytinglardan biridir.