Texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi
2025-06-28 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktyabrdagi PF–158-son Farmonida nazarda tutilgan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Unda vazirlikning tegishli tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, hududiy boshqarmalar boshliqlari, texnikumlar direktorlari hamda ushbu texnikumlarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirok etdilar.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda xalqaro taʼlim dasturlarini samarali joriy etish uchun qator ustuvor masalalar koʻrib chiqildi. Jumladan, yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik doirasida qurilish-taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida va sifatli yakunlash, xalqaro dasturlar joriy qilinadigan mutaxassisliklar uchun oʻquv-ustaxonalarni zarur jihozlar bilan taʼminlash, iqtidorli yoshlarni texnikumlarga jalb etish maqsadida kasbga yoʻnaltirish ishlarini kuchaytirish, taʼlim jarayoniga malakali, tajribali pedagoglarni jalb etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yigʻilishda taʼkidlanishicha, texnikumlarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etishda yaqin hamkorlikda faoliyat yuritishi lozim.
Shuningdek, 2025/2026 oʻquv yili uchun 14 ta texnikumda 16 ta kasb va mutaxassislik boʻyicha 1680 ta davlat granti asosida qabul parametrlari tasdiqlangani maʼlum qilindi.
Yigʻilish yakunida har bir masʼul rahbar va muassasa hisoboti eshitildi, mavjud muammolarni tezkor hal etish va belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.