“Maʼnaviyat oyligi” doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimlarida xizmat qilayotgan xodimalar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi
2025-04-13 10:15:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizning ravnaqi, farovonligi, rivojlangan, ilgʻor davlatlar qatoridan oʻrin olishida xalqimizning bilimli, zukko, tafakkuri keng, maʼnaviyati va madaniyati yuqori boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlari yurtimizning maqomi va saviyasini koʻrsatuvchi asosiy omil boʻlganligi bois ichki ishlar organlariga ana shunday nomzodlarni qabul qilishga katta eʼtibor qaratilgan, yuqori talablar qoʻyilgan. Bu borada 2021-yilning aprelida Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori ham yaqqol misoldir. Vazirlik tizimlarida qarorda belgilangan vazifalar davriy ravishda muntazam ijro etib kelinmoqda.
Shu yilning 1-aprelidan 30-apreliga qadar ichki ishlar vazirligi tizimida “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifamiz!” shiori ostida “Maʼnaviyat oyligi” oʻtkazib kelinmoqda. Oylik doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimlarida xizmat qilayotgan xodimalar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi. Mazkur tadbirdan maqsad: tizimlarda xizmat qilayotgan ayol xodimalarning intellektual va professional bilim darajasini sinovdan oʻtkazish, maʼnaviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirib borishga ishtiyoqini kuchaytirish, bilimli va salohiyatli xodimalarga iqtidorini namoyish etishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish hamda munosib ravishda ragʻbatlantirib borish orqali bilimga va kasbga ruhlantirishdan iborat. Qizgʻin va bahslarga boy oʻtgan tafakkur va bilimlar musobaqasida 1-oʻrin Bektemir tumani, 2-oʻrin Yashnobod tumani, 3 -oʻrin Olmazor tumani IIO FMB bilimdon xodimalariga nasib etdi. Gʻoliblarga tegishli diplom hamda pul mukofotlari topshirildi.
Oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, bilim olishga, oʻz saviyalari, dunyoqarashlarini kengaytirishga vaqt topayotgan zukko, zehnli va bilimli ayol-xodimalarimizni gʻalaba bilan tabriklab, ularga ishlarida va turmushlarida muvaffaqiyat va omadlar yor boʻlishini tilaymiz!
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati