Oʻzbekiston va Belorus Respublikalari oʻrtasida kriminologiya sohasida xalqaro hamkorlikning yangi istiqbollar
2025-04-19 18:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi Baxtiyor Berdialiyev boshchiligidagi delegatsiya Belorus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan 17-18-aprel kunlari kunlari “Jinoyatchilikka qarshi kurashishning muammolari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kadrlar tayyorlash” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.
Konferensiyada huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini tayyorlashda tajriba almashish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda yangi strategiyalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya davomida soʻzga chiqqan B.Berdialiyevning “Gʻalaba — bu faqat tarix emas, balki huquq tartibotni mustahkamlash, tarixiy haqiqatni saqlash va kelajakdagi qonun himoyachilarini tarbiyalash zarurligini eslatuvchi muhim omildir. Bugun biz kadrlarni tayyorlashning asosiy jihatlari, jinoiy va maʼmuriy huquqni takomillashtirish, kriminologiya va sud ekspertizasi rivoji hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatiga yangi texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qilamiz...” nutqi alohida eʼtirof etildi.
Gʻalabaning 80-yilligiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiyasining plenar majlisi tugashi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti hamda Belorus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi oʻrtasida Hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.
Hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv hujjatiga general-mayor militsiya Aleksandr Astreyko va polkovnik Baxtiyor Berdaliyev imzo chekdilar. Tadbir ikki davlat oʻrtasida xavfsizlik va huquq tartiboti sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash doirasida oʻtkazildi.
Hamkorlik kelishuvining asosiy yoʻnalishlari jinoyatchilikka qarshi kurashishda tajriba oʻzaro almashish, kriminologiya sohasida qoʻshma tadqiqotlar olib borish, taʼlim jarayoniga yangi texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish, huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan.