Surxondaryoda afv etilgan fuqarolar ijtimoiy hayotga faol jalb etilmoqda
2025-04-20 13:15:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning Ramazon hayiti munosabati bilan imzolagan Farmoni asosida, jinoyat sodir etganiga qaramay chin dildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar afv etildi. Ushbu Farmonga binoan Surxondaryolik 24 nafar fuqaro jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilib, oilasi bagʻriga qaytdi.
Bugun viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov hamda viloyat IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailovlar ushbu fuqarolar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda viloyat masʼullari afv etilganlarga sogʻlom turmush tarzini olib borish, jamiyatda oʻz oʻrnini topish va mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etish zarurligini taʼkidlashdi.
Tegishli tashkilotlarga afv etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, ishga joylashtirish, sogʻligʻini tiklash hamda moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash vazifalari yuklatildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati