Buxoroda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari tanqidiy muhokama qilindi
2025-04-23 15:15:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida hokimlik soati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan PQ-1-sonli qarori ijrosi muhokama qilindi. Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat va tuman (shahar) darajasidagi rahbarlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari hamda 544 ta “mahalla yettiligi” aʼzolari va umumtaʼlim maktab direktorlarining faol ishtiroki taʼminlandi. Unda qaror doirasida amalga oshirilgan ishlar, tizimdagi mavjud muammolar, ularni bartaraf etish yoʻllari va galdagi vazifalar keng tahlil qilindi.
Yigʻilishda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan viloyatda 2025-yil boshidan buyon qayd etilgan jinoyatlar holati batafsil yoritilib, oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar, xususan oilaviy zoʻravonlik, jamoat joylaridagi bezorilik, oʻgʻrilik, firibgarlik, kiberjinoyatlar va giyohvandlik bilan bogʻliq holatlar tahlil qilindi. Ayniqsa, voyaga yetmaganlar, yoshlar hamda xotin-qizlar oʻrtasidagi jinoyatchilikka alohida eʼtibor qaratilib, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalarining jinoyatlarga yoʻl qoʻyish sabablari, bunga taʼsir qilayotgan shart-sharoitlar va mansabdorlarning oʻz vazifasiga masʼuliyatsiz yondashuvi qattiq tanqid qilindi.
Muhokama davomida Prezident rahbarligida oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishida ilgari surilgan “Buxoro tajribasi” konsepsiyasi eslatilib, Buxoro viloyatini korrupsiya va jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish zarurligi taʼkidlandi. Shu bois barcha masʼul rahbarlarga oʻz jamoasi va hududida qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashni kuchaytirish vazifasi yuklatildi. Yakunda PQ-1-sonli qaror asosida tuzilgan yoʻl xaritasidagi bandlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlashga oid topshiriqlar berilib, ularning bajarilishi qatʼiy nazoratga olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati