Oʻzbekiston IIV delegatsiyasi Bokudagi xalqaro anjumanda ishtirok etmoqda
2025-04-24 16:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi rahbarligidagi delegatsiya Ozarbayjonning Boku shahrida oʻtkazilayotgan “MDHga aʼzo davlatlarning vakolatli organlarida ekspert-kriminalistika faoliyatining dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etmoqda.
Anjuman Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar ichki ishlar vazirlari kengashi homiyligida tashkil etilgan boʻlib, unda MDH davlatlari oʻrtasida ekspert-kriminalistika sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-uslubiy taʼminlash, tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlarida mutaxassislarning ishtirok etishiga oid masalalar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan obyektlarni tadqiq qilishdagi yangi ekspertlik vazifalarini shakllantirish, sud kompyuter ekspertizasi doirasida elektron qurilmalardan axborot olish kabi yangi yoʻnalishlar ham koʻrib chiqilmoqda.
Anjuman doirasida, genom maʼlumotlari almashinuvi va axborot almashinuvi mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston delegatsiyasi xalqaro hamkorlar bilan tajriba almashib, sohadagi ilgʻor usullar bilan tanishmoqda.
Mazkur anjuman MDH davlatlari oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va ekspert-kriminalistika faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi