Toshkent shahrida “Xavfsiz oila” konsepsiyasi doirasida yangi hamkorlik loyihasiga start berildi
2025-05-03 09:00:00 / Yangiliklar

Oila tinch boʻlsa, yurt tinch boʻladi. Prezidentimizning tashabbusi bilan oilalar mustahkamligini taʼminlash, jamiyatda, oilada sogʻlom muhitni yaratish, qiyin ahvolda qolgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini tizimli oʻrganish va bartaraf etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bu borada poytaxt ichki ishlar organlari tomonidan hokimlik, tegishli mutasaddi idoralar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan manzilli ishlar belgilab olingan.
Kuni kecha esa Toshkent shahar tajribasi tariqasida “Xavfsiz oila” konsepsiyasi doirasida hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi loyihaga start berildi.
Oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning oldini olish, oilada sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ushbu qoʻshma loyiha: Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, poytaxt Hokimligi, Toshkent shahri boʻyicha Davlat xavfsizlik xizmati, Prokuraturasi, Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi va Toshkent harbiy okrugi hamkorligida qabul qilingan boʻlib, uning asosida ishchi guruhi tashkil etildi va oʻz faoliyatini boshladi.
Aniqroq qilib aytsak, tumanlar kesimida nosogʻlom turmush tarzini kechirayotgan, ishsiz, muayyan kasb-korga ega boʻlmagan, ijtimoiy-maishiy muammolar yechimiga muhtoj boʻlgan oilalar oʻrganilib, 15 ta oila va ularning 50 ga yaqin farzandlari bilan poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatish markazida manzilli ish boshlandi.
Bir oy davomida ushbu oilalarning muammolari oʻrganilib, shakllantirilgan psixologik portretlari asnosida psixologik, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va tibbiy yordam koʻrsatiladi. Moyilligi va iqtidoriga koʻra kasb-hunarga oʻqitish, sport toʻgaraklariga jalb etish ishlari olib boriladi.
Yuqoridagi tadbirlar barobarida oila aʼzolarining madaniy hordiq chiqarishlari ham koʻzda tutilgan boʻlib, bu tadbir ularning oʻzaro yaqinlashishi, bir-birlarini yaxshiroq tushunishlari, rishtalarning mustahkamlanishiga sabab boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Markazda masʼullarning har bir harakati, intilishlari mazkur oilalarning toʻlaqonli, baxtli, oʻzaro ahil va totuvlikda yashashlari, farzandlar tarbiyasida faol va ibrat boʻlishlariga qaratilgan.
Bu xayrli va ezgu ishlar hademay oʻz ijobiy va samarali natijalarini koʻrsatishiga shubha yoʻq.
Aslida-ku bunday oilalarning boʻlmasligi tarafdorimiz, biroq guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, qancha inson boʻlsa, uning tarbiyasi, xulq-atvori, yashash tarzi, tushunchasi ham shuncha.
Demak, ular bilan ishlash, toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, baxtli boʻlishiga imkon berish zarur.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati