Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazida oʻquv yigʻini boʻlib oʻtdi
2025-05-04 11:15:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazida hududiy ichki ishlar organlari tezkor-boshqaruv markazi xodimlari ishtirokida “Xavfsiz shahar” tizimlari faoliyatini oʻrganish boʻyicha oʻquv yigʻini boʻlib oʻtdi.
Navbatdagi oʻquv yigʻinida Qashqadaryo, Xorazm, Andijon va Namangan viloyatlaridan jami 16 nafar masʼul xodimlar ishtirok etishdi. Oʻquv mashgʻulotlarida ishtirokchilar zaruriy oʻquv va metodik materiallar, slaydlar va boshqa koʻrgazmali qurollar, xizmatga doir meʼyoriy hamda boshqa hujjatlar bilan toʻliq tanishtirildi.
Oʻqish davrida xodimlarning oʻzlashtirayotgan bilimlari tegishli mezonlar bilan baholanib borildi. Oʻquv yakunida sinovlar qabul qilinib, ularni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga tegishli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, oʻquv jarayonida mashgʻulotlar qatnashchilarining yaqinlashayotgan 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoshidagi “Shon-sharaf” muzeyiga tashrifi uyushtirildi.
Oʻquv yigʻini ishtirokchilari xizmat boʻyicha bilim va malakalarini oshirish bilan birga muzeydagi asori-atiqalar, boy harbiy tariximiz bilan tanishib, iliq taassurotlar bilan xizmat joylariga qaytdilar.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati