Yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash masalalari Senat muhokamasida: muammolar va yechimlar belgilandi
2025-05-23 16:25:00 / Yangiliklar

Majlis avvalida idoralararo ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida xalqaro va davlat ahamiyatidagi yoʻllarda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida xavfli joylarni aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalari tanqidiy muhokama qilindi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi hamda boshqa davlat tashkilotlarining masʼullari oldinda turgan vazifalar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirishdi.
Majlis davomida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati ham soʻzga chiqib, xizmat tomonidan “Xavfsiz bolalik“ tamoyili asosida soʻnggi vaqtlarda amalga oshirilgan ishlar natijasida yurtimizda bolalar ishtirokida sodir boʻladigan ogʻir oqibatli avtohalokatlar soni sezilarli darajada kamayganini taʼkidladi. Shu bilan birga, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar haqida ham batafsil maʼlumot berildi.
Xususan, taʼlim muassasalarida bolalarning yoʻl harakati qoidalarini yetarli darajada oʻzlashtirishlari uchun 5 mingdan ortiq “Yoʻl harakati qoidalarini oʻqitish sinfxonalari“ jihozlanib, foydalanishga topshirilganiga qaramasdan, ayrim maktablarda ushbu jihozlar yaroqsiz holatga keltirilgani yoki notoʻgʻri maqsadlarda foydalanilayotgan holatlar aniqlangani alohida taʼkidlab oʻtildi.
Majlis yakunida yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda barcha tashkilot va muassasalar teng darajada masʼul ekanligi, shu sababli har bir idora oʻz vazifasiga vijdonan yondashishi lozimligi taʼkidlandi hamda mutasaddi rahbarlarga zarur topshiriqlar berildi.
IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati