Surxon vohasining olis – chekka va chegara hududlarida istiqomat qiluvchi aholining murojaatlarini oʻrganish maqsadida “Sayyor qabul” oʻtkazildi
2025-06-03 11:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 30-31-may kunlari Surxondaryo viloyatining qoʻshni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh boʻlgan hududi Uzun tumanining togʻli va chekka hududi boʻlgan Bobotogʻ hududida joylashgan “Bobotogʻ”, “Oqmachit”, “Toltugʻay” va “Yangiobod” mahallalarida viloyat IIB rahbariyati boshchiligida ushbu hududda istiqomat qilib kelayotgan fuqarolarning sohaga oid muammolarini oʻrganish hamda aniqlangan muammolarini ijobiy hal qilish maqsadida “Sayyor qabul” oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan “Sayyor qabul” davomida 183 nafar fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlar oʻrganildi.
Shulardan, 28 nafar fuqarolar tomonidan tuman hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish masalasida murojaatlari qabul qilinib, ularga Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 13-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-19-moddalari talablari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi tan olish va umumiy tartibda qabul qilish boʻyicha tegishli hujjatlar topshirish tartiblari yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
Shuningdek, 150 nafar tuman markaziga borish imkoniyati boʻlmagan keksa yoshdagi hamda nogironligi boʻlgan fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi toʻgʻrisida”gi PF-6065-son farmoni talablari asosida belgilangan tartibda identifikatsiya ID-kartalar bilan rasmiylashtirib berildi.
Bundan tashqari, 4 nafar tuman hududida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtib yashab kelayotgan Tojikiston Respublikasi hamda 1 nafar Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashashga qolish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida”gi 593-son qaroriga asosan respublikada vaqtincha va doimiy yashash tartiblari boʻyicha profilaktik tushuntirishlar berildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati