Asosiy kontentga o'tish

“Yangi Oʻzbekiston” massividagi yangi xonadonlar foydalanishga topshirildi

2024-08-30 09:40:00 / Yangiliklar

Sharof Rashidov tumani “Oqtosh ota” mahallasi hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida barpo etilgan yangi xonadonlar kalitini topshirish marosimi oʻtkazildi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ergash Saliyev soʻzga chiqib, yangi uy egalarini samimiy tabrikladi.

Jizzax viloyatida aholi turmush tarzini yaxshilash, ijtimoiy himoya qilish, insonlar yashashi uchun qulay sharoit yaratish borasida soʻnggi 7 yil ichida aniq davlat dasturlari asosida misli koʻrilmagan, tarixiy ishlar amalga oshirildi.
Xususan, uy-joylar qurilishi boʻyicha aholining uy-joyga muhtoj qatlami uchun jami 15 017 ta, shundan 2 528 ta yakka tartibdagi hamda 382 ta koʻp qavatli uylarda 12 489 ta xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Eng ahamiyatlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan viloyatda aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Sharof Rashidov tumani “Oqtosh ota” mahallasi hududida 105 ta, 3 936 honadonli, “Qahramon” mahallasi hududida 10 ta, 725 xonadonli hamda Doʻstlik tumani “Chinobod” mahallasi hududida 32 ta, 640 honadonli koʻp qavatli uy-joylar va infratuzilma obyektlaridan iborat 3 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlari tashkil etish belgilangan.

“Yangi Oʻzbekiston” massivlarida bugungi kunga qadar jami 22 ta, 1 377 honadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Sharof Rashidov tumani “Oqtosh ota” mahallasi hududida 6 ta, 512 xonadonli, “Qahramon” mahallasida 10 ta, 725 honadonli, Doʻstlik tumani “Chinobod” mahallasi hududida 6 ta, 120 xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Sharof Rashidov tumani “Oqtosh ota” mahallasi hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi ilgari adir yonbagʻri boʻlib deyarli foydalanilmasdi. Hozir 140 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Uylar 9, 12 va 16 qavatli boʻlib, bu ham Jizzax sharoitida yangilik.

Hozirda ushbu massivlarda 41,0 mlrd.soʻm Davlat byudjeti mablagʻidan 8 km yoʻl, 5 km ichimlik va oqova suvi tarmogʻi, 5,1 km elektr tarmogʻi va 10 ta transformatorlar, 5,5 km issiqlik tarmogʻi va 1 ta qozonxona hamda 2,1 km gaz tarmogʻi bilan taʼminlandi.

Shuningdek, massivda 1 ta 1 680 oʻrinli umumtaʼlim maktabi, 1 ta “Al-Xorazmiy” nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta 120 oʻrinli Maktabgacha taʼlim muassasasi, 1 ta 200 qatnovli poliklinika, Davlat test markazi, Innotexnopark va Kurash sport saroyi tashkil etilib, qisqa qilib aytganda yangi shahar barpo etilmoqda.

Bundan tashqari, massivning bosh rejasiga asosan, 11,2 gektar yer maydonida “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari, bolalar oʻyingohlari, sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish shahobchalari kabi obyektlar shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” massivi atrofidagi qir-adirliklar tushirilgan landshaft dizayn taklif loyihasi boʻyicha 25 gektar yer maydonida Turkiya tajribasi asosida zamonaviy bogʻlar tashkil qilinadi, qisqa qilib aytganda, yangi ekoshahar barpo etiladi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati

120

Oxirgi yangilanish: 2024-08-30 10:01:42