Viloyatimizning har bir go’shasini bunyodkorlik va obodlik maskaniga aylantirishda barchamiz munosib hissa qo’shaylik!
2025-02-05 06:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli jizzaxliklar!
Dono xalqimizda “Obodlik ko’ngildan boshlanadi”, degan naql bor. Bu xislat asrlar osha yashab, yurtdoshlarimizning qon-qoniga singib ketgan. Chunki poklik, ozodalik, tozalik bor joyda fayz-baraka, ishda unum, aholi kayfiyatida ko’tarinkilik bo’ladi.
Obodlik esa shubhasiz, xonadondan, o’zingiz yashaydigan ko’chadan va mahalladan boshlanadi. Davlatimiz Rahbari ham ushbu masalaga doimiy e’tibor qaratayotgani bejiz emas, albatta.
So’nggi yillarda respublikamizda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari, “Obod xonadon – obod ko’cha obod mahalla” mezonlari,
“Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotimizga keng tatbiq etilib, kelinmoqda. Ayni paytda, viloyatimizdagi eng og’ir ahvoldagi 58 ta va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og’ir bo’lgan 13 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash, “Obod xonadon – obod ko’cha obod mahalla” mezonlarini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, zaminida jonajon Vatanimizning rivojiga salmoqli hissa qo’shgan davlat arboblari, olimu-fuzalolar, taniqli yozuvchi va shoirlar yetishib chiqqan vohamizning mehnatsevar aholisi yillar mobaynida dashtu-cho’llarni bog’u-bo’stonga aylantirishda butun mamlakatimizga namuna bo’lib kelgan. Bu esa har birimiz uchun ham sharaf, ham mas’uliyat yuklaydi.
Shu nuqtai-nazardan, viloyatimizning har bir go’shasini, mahallasini bunyodkorlik va obodlik maskaniga aylantirishda nafaqat mas’ul rahbarlar, balki barcha jizzaxliklar bir yoqadan bosh chiqarib fidoyilik va faollik ko’rsatishi insoniy burchimizdir.
Muhtaram ko’pni ko’rgan otaxon va onaxonlar!
Xalqimizda “Qush uyasida ko’rganini qiladi”, degan gap bejiz aytilmagan. Chinakam insoniy tuyg’ular, avvalo, oila bag’rida shakllanadi. Farzandlarimiz qalbida obodlikka mehr uyg’otishda, tug’ilib o’sgan Vatanimiga sadoqat ruhida tarbiyalashda oilaning o’rni va ta’siri beqiyos ekanligini har birimiz yaxshi tushunamiz.
Ota va bobosi bilan birga daraxt ekkan, uni parvarish qilishda ishtirok etgan, xonadoni, tomorqasi, hovlisi tozaligini ko’rgan va uni ta’minlagan bolaning ongu tafakkuri o’zgacha bo’ladi. O’zi obod qilgan uyini, ekkan niholining unib-o’sayotganini ko’rgan bolaning qalbidagi orzu-maqsadlari ham yuksak bo’ladi. Shuning uchun farzandlarimiz qalbida obodlik, poklik, mehnat tarbiyasini bolalikdan shakllantiraylik!
O’z mahalladoshlarimizga obod xonadon, obod ko’cha, tomorqa madaniyati qanday bo’lishi kerakligi haqida imkon qadar ko’proq va kengroq ma’lumot beraylik! Bu yo’lda, avvalo, o’z xonadonimizni obod qilish, tomorqamizdan unumli foydalanish borasida olib borayotgan amaliy ishlarimiz, ibratli tashabbuslarimiz bilan shaxsiy namuna ko’rsataylik!
Har bir oilada xonadonni obod hamda ko’rkam qilish bo’yicha amalga oshiriladigan tadbirlarni, shu jumladan, yordamchi xo’jalik binolarini qurish, ta’mirlash, oqlash, ularni saqlash qoidalarini, tomorqa madaniyatini yuksaltirish kabi ezgu ishlarni keng targ’ib etaylik!
Azaliy qadriyatlarimiz — qizlarimiz, kelinlarimizning erta sahar turib hovlilarga suv sepishi, ko’cha eshiklari oldini supurishi kabi fazilatlarni jonlantirib, ommalashtiraylik! Mahallamiz aholisining tozalikka, obodlikka bo’lgan e’tiborlarini kuchaytiraylik!
Qadrli mahalla faollari!
Mahallalarimiz qiyofasi faoliyatimiz natijasini ko’rsatadigan omillardan biri ekanini unutmang! Shu bois bu yo’nalishdagi faoliyatimizni qayta ko’rib chiqib, hududni obod qilish, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish kabi savobli ishlar hamisha e’tiborimiz markazida turishi zarur.
Bu haqda so’z ketganda, viloyatimizda mavjud 309 ta mahallani obod maskanga aylantirish, 7 765 ta ko’chada “Obod ko’cha” hamda 272 ming 910 ta xonadon va 361 ming 640 ta oilada “Obod xonadon” mezonlarini joriy etish bosh maqsadimizga aylanishi lozim.
Bundan tashqari, tomorqasi bor 176 ming 147 ta xonadondagi yer maydonlariga hosildor ekinlarni ekish va ularni parvarishlash orqali qo’shimcha daromad manbaini yaratish, yerdan samarasiz foydalanayotgan oilalarda esa tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak.
Albatta, bu ishlarni amalga oshirish o’z-o’zidan bo’lmaydi. Buning uchun “mahalla yettiligi”ning har bitta a’zosi, uyboshi va ko’chaboshilar, jamoatchilik tuzilmalari a’zolari faol bo’lishi, odamlarni uyg’otishi lozim.
Mahalla faoli sifatida Siz aholiga munosib yashash sharoitlarini yaratishda o’z qobiliyatingiz, iste’dodingizni ishga solib, izlanishdan to’xtamang. Hududlarga mas’ul shaxs sifatida har bir oila, har bir inson taqdiri uchun, mahallalar obodligi, farovonligi yo’lida mas’uliyatni zimmangizga olishingiz zarur.
“Uying obod bo’lsa, ko’chang obod bo’ladi, mahallang obod bo’lsa, qalbing obod bo’ladi”, degan hayotiy shior har bir mahalla faolining, o’z hayotini mahalla bilan bog’lagan har bir insonning kundalik faoliyatida dasturilamalga aylanishi lozim!
Aziz yoshlar!
Sizlar Yangi O’zbekistonning bunyodkor kuchisiz! Xalqimiz ko’zlayotgan yuksak marralarga erishishda aql-zakovatingiz, g’ayrat-shijoatingiz, ona Vatanga bo’lgan sadoqatingiz beqiyosdir. Mahallalar obodligini ta’minlashda ham Sizlarga suyanamiz va tayanamiz!
Ona zaminimizga mehr bering! Har bir xonadon, har bir ko’cha, har bir mahallani obod qilishda tashabbuskor bo’ling, tengdoshlaringizni bunyodkorlikka chorlang. Bugundan boshlab, o’z xonadoningizni obod qiling, tomorqangizning har qarichidan unumli foydalaning, niholingizni eking, hududda “YOshlar bog’i”ni tashkil etishda tashabbus ko’rsating!
Aslo unutmang, Siz O’zbekiston farzandisiz, Sizning hissangiz oilangiz, mahallangiz va butun xalqimizning farovonligi uchun xizmat qiladi.
Hurmatli do’stlar!
Ota-bobolarimizdan meros bo’lib qolgan daraxt ekish, bog’u-gulzorlar yaratish borasidagi go’zal odatlarimiz bugun yangi ma’no-mazmun bilan boyib, keng miqyosda davom etmoqda. Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasiga asos solindi.
Mazkur umumxalq harakatida har birimiz bugungi va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat va javobgarligimizni chuqur his qilib, “YAshil makon” loyihasi atrofida yanada jips bo’lib birlashaylik! Xonadonlarimiz, tomorqalar, mahallalarimiz, ko’p qavatli uylar atrofiga ko’chat qadab, ularni parvarishlab, bog’-rog’larni ko’paytiraylik! Bu borada shaxsiy namuna ko’rsataylik, tashabbuskor bo’laylik!
Ota-bobolarimizdan meros an’ana — oilada yangi farzand dunyoga kelganida unga atab, albatta, daraxt ekish udumini qayta tiklab, hayotimiz qoidasiga aylantirsak, ayni muddao bo’ladi. Nikohdan o’tayotgan yoshlarimiz mana shunday baxtli onlardan esdalik sifatida, yaxshi niyat bilan yerga nihol eksalar, an’analarimiz yana bir go’zal odat bilan boyigan bo’lar edi.
Piru badavlat otaxon-onaxonlar, faxriylar, ziyolilar va azmu- shijoatli yoshlarimiz birgalikda mahallalarda ko’chat ekishni, yashil bog’larni tashkillashtiraylik! Xalqimiz aytganidek, har birimizdan yaxshi bog’ qolsin!
Qadrli vatandoshlar!
Unutmasligimiz lozimki, obodlik bor joyda qut-baraka, doimiy rivojlanish va kelajakka ishonch bo’ladi. Ayniqsa, mahallangiz orasta bo’lsa, qalbingiz quvonchga to’lib, mehnatga ham shunday kayfiyat bilan kirishasiz.
Shunday ekan, quyidagi ustuvor vazifalar faoliyatimizning asosiy mezoni bo’lmog’i kerak:
Birinchidan, yurt obodligi, oilalar va mahallamiz farovonligi yo’lida birlashaylik! Har birimiz o’z uyimizda “Obod xonadon” mezonlarini joriy etaylik, qo’ni-qo’shnilar, mahalladoshlar va yoshlarni jalb etgan holda, ehtiyojmand oilalarning ta’mirtalab xonadonlarida hasharlar tashkil etaylik.
Ikkinchidan, har bir xonadon, ko’cha va mahallalar obodligi yo’lida mas’uliyatni zimmamizga olib, odamlarni bir maqsad sari harakatga keltiraylik! Bu jarayonda “mahalla yettiligi” a’zolariga biriktirilgan ko’chalarda — 100 tupdan, ko’chaboshilar va uyboshilar o’z hududida — 20 tupdan, har bir mahalla bog’ida — 500 tupdan, jami 309 ta mahallada 940 ming tupga yaqin, viloyat bo’yicha esa jami 10 millionga yaqin mevali va manzarali daraxt ko’chatlarini ekishimiz zarur.
Uchinchidan, har birimiz ijtimoiy mas’uliyat, mehnat tarbiyasi, daxldorlik tuyg’ularini kuchaytiraylik!
Farzandlarimizga bolalikdan poklik tarbiyasini o’rgataylik! Bu o’rinda, eng avvalo, ularga o’zimiz namuna bo’lib, uyimiz va yordamchi xo’jalik binolarini ta’mirlaylik va oqlaylik, tomorqamizga hosildor ekinlarni ekaylik! Zotan, uyda olingan tarbiya, ota-onaning ibrati farzandlarimiz kelajagida, ularning ma’naviyati va ma’rifatini yuksaltirishda muhim o’rin tutadi.
To’rtinchidan, erta sahardan ko’cha eshiklari oldini supurish, hasharlar uyushtirishni odat tusiga aylantiraylik! Farzand tug’ilganda unga atab nihol eksak, nikohdan oldin yoshlarimiz yaxshi niyat bilan yerga ko’chat qadasa, mahallalarimiz qisqa fursatda yashillikka burkanadi.
Beshinchidan, yasharish hamda yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo’lmish milliy bayramimiz — Navro’zi olamga tayyorgarlikni bugundan boshlaylik! Mahallalarda, shahar hamda qishloqlarda hasharlar, obodlik tadbirlarini o’tkazaylik.
Oltinchidan, azaliy qadriyatimiz bo’lgan hasharlarni tashkil etish an’anaga aylansin! Ayniqsa, viloyatda mavjud 9 088 ta boquvchisini yo’qotgan oila, 532 nafar yolg’iz keksalar, 41 272 ta kam ta’minlangan oilalar xonadonlarida hasharlar uyushtiraylik! Nogironligi bo’lgan 37 ming 985 nafar shaxslar doimiy e’tiborimiz markazida bo’lsin.
Ettinchidan, daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik!
Hurmatli Prezidentimizning “Qaysi mahallada ish to’g’ri tashkil etilib, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik o’rnatilsa, o’sha yerda hamjihatlik, mehr-oqibat muhiti hukm suradi, noxush holatlarga yo’l qo’yilmaydi”, degan so’zlari faoliyatimizda dasturilamal bo’lishi lozim.
Say-harakatlarimiz xayrli va savobli ishlarimizning bardavomligiga, yoshlarimizning ma’naviyati va tarbiyasi yanada yuksak bo’lishiga, milliy qadriyatlarimiz rivojiga, xalqimiz orasida hamjihatlik tuyg’ulari mustahkamlanishiga poydevor bo’lib xizmat qilsin!