Videoreportaj: Jizzax shahrida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda
2025-05-08 16:30:00 / Yangiliklar

Bu ishlar nafaqat shaharning estetik qiyofasini yaxshilash, balki fuqarolarning turmush tarzini yanada barqaror va qulay qilishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda "O‘zyo‘lko‘prik klasteri" davlat muassasasi korxonasining Jizzax viloyati filiali tomonidan shahar yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangilash borasidagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, Qaliy mahallasi masjidi yonidagi chorraxadan Toshkent ko‘chasi chorraxasigacha bo‘lgan taxminan yarim chaqirimlik yo‘l uchastkasida yangi asfalt qoplamasi yotqizish, piyodalar yo‘laklari qurish hamda yo‘l bo‘ylab yangi lotok (yordamchi suv tarmoqlari) o‘rnatish ishlari jadal sur’atda olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Qaliy mahallasida joylashgan Xalqlar do‘stligi shoh ko‘chasida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Yo‘l tuzilishi to‘liq yangilanib, zamonaviy talablarga javob beradigan holatga keltirilmoqda.
Shahar markazidagi yo‘llar ham alohida e’tiborda. Xususan, Jizzax shahrining asosiy ko‘chalaridan biri sanaladigan “Islom Karimov” ko‘chasida ham yangi asfalt qoplamasi yotqizildi, piyodalar uchun qulay va xavfsiz yo‘laklar barpo etildi. Ko‘cha atrofi keng ko‘lamda obodonlashtirilib, yashil hududlar barpo etildi.
Alisher Navoiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli turar joy binolarining tashqi fasad qismlari ham yangilandi. Shuningdek, uylarga tutash hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borilib, yoritish tizimi yangilandi, zamonaviy o‘rindiqlar va chiqindilar uchun konteynerlar o‘rnatildi.
Umuman olganda, Jizzax shahridagi mazkur ishlar shahar infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga munosib sharoit yaratish va umumiy shahar muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Mazkur loyihalar doimiy ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali Jizzax zamonaviy, yashash uchun qulay va go‘zal shaharga aylanishi shubhasiz.