Videoreportaj: Jizzaxda Xotira va Qadrlash kuni munosib nishonlandi
2025-05-08 21:00:00 / Yangiliklar

Ushbu muhim sana munosabati bilan tashkil etilgan marosimda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida motamsaro Ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Ishtirokchilar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylarini hurmat bilan yodga olib, ularning mardligi va jasoratini ehtirom bilan tilga olishdi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ham yodgorlik poyiga gullar qo‘yib, vatanparvarlik an’analariga sadoqat namunasini ko‘rsatishdi.
Bu kun — xalqimiz tarixidagi eng mashaqqatli, ammo sharafli sahifalarni eslash, mardlik va fidoyilik timsoli bo‘lgan avlodlar xotirasiga hurmat bajo keltiriladigan muqaddas sanadir.
Tadbir davomida yoshlar va nuroniylar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga qaratilgan suhbatlar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, 2-jahon urushida qatnashgan va ularga tenglashtirilgan vakillar holidan xabar olindi.
Jumladan, Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug'bek Mustafoyev Zomin tumani "Duoba" mahallasi Yettikechuv qishlog'ida istiqomat qiluvchi 2-jahon urushi ishtirokchisi Xolbek Ravshanov xonadoniga borib, holidan xabar oldi hamda Davlatimiz rahbari tomonidan yuborilgan pul mukofoti va sovg'alarni tantanali tarzda topshirdi.
Shuningdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i G'ayrat Qodirov tomonidan Sharof Rashidov tumani "Qo'shko'prik" mahallasida yashovchi Mamasharif Sodiqovga hamda viloyat prokurori Baxtiyor Ibrohimov tomonidan Jizzax shahar "Zilol" mahallasida yashovchi Vera Tolpeyevalarning ham xolidan xabar olinib, sovg'alar topshirildi.
Bu sana – xalqimizning mard o‘g‘lonlari tomonidan ko‘rsatilgan fidoyilik, jasorat va sabr-toqatning unutilmas ramzidir. Biz barchamiz bugungi tinch va osoyishta hayot uchun minnatdormiz.