“Buyuk Ipak Yo‘li – Zomin” maxsus sanoat zonasidagi texnopark: yangi innovatsiyalar va iqtisodiy yuksalish sari qadam
2025-06-12 14:25:00 / Yangiliklar

Loyihaning umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Bugungi kunga kelib, ushbu mablag‘ning 200 million AQSH dollari o‘zlashtirilib, dastlabki infratuzilma va ishlab chiqarish obyektlari qurilib, ayrim korxonalar faoliyat yurita boshladi.
Texnoparkning asosiy maqsadi — zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradigan ishlab chiqarish subyektlarini jamlash hamda ular uchun barcha sharoitlarni yaratishdan iborat. Ushbu maydonda elektr texnikasi, qurilish materiallari, kimyo, oziq-ovqat, yengil sanoat, avtomatika, robototexnika va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi korxonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, texnopark doirasida ilmiy-tadqiqot markazlari va startap loyihalar uchun inkubatorlar tashkil etilishi reja qilingan. Bu esa yosh mutaxassislar va tadqiqotchilar uchun amaliyot va tadbirkorlikni birlashtirgan innovatsion muhitni shakllantiradi.
Mahalliy aholi uchun muhim tomonlardan biri shundaki, loyiha amalga oshirilishi natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu nafaqat Zomin tumani, balki butun hududda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ayni paytda xorijiy investorlarni jalb etish orqali mahalliy va xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanishi ham kutilmoqda.
“Buyuk Ipak Yo‘li – Zomin” texnoparki joylashuvi jihatidan ham qulay hisoblanadi — u temir yo‘l, Zomin aeroporti va avtomagistrallarga yaqin joylashgan. Bu esa mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga tez va samarali yetkazish imkonini beradi.