Poytaxtda "Chingiz Aytmatov: Adabiy meros, falsafiy va siyosiy qarashlarda zamonlar va madaniyatlar uyg‘unligi" nomli konferensiya bo‘lib o‘tdi
2024-12-20 20:25:00 / Yangiliklar
Bugun, 20-dekabr kuni Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida "Chingiz Aytmatov: Adabiy meros, falsafiy va siyosiy qarashlarda zamonlar va madaniyatlar uyg‘unligi" nomli konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov ishtirok etdi.
Tadbirda Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi hamda Ch.Aytmatov nomidagi Xalqaro Issiqko‘l forumining rasmiy vakillari ishtirok etdi. Forumda O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi vakillari, qator davlatlar diplomatlari, rasmiy shaxslar, jamoatchilik vakillari, O‘zbekiston va Qirg‘iziston ilmiy-tadqiqot muassasalari, O‘zbekiston Qirg‘iziston milliy madaniy markazi, shuningdek, ikki mamlakat talabalari ham qatnashishdi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov qutlov nutqi bilan so‘zga chiqib, O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov va uning ijodiga doimo alohida hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini, shuningdek, uning g‘oyaviy-falsafiy merosini munosib qadrlashlarini ta’kidladi.
Konferensiyada buyuk yozuvchi va faylasuf, turkiy xalqlarning ardoqli farzandi Chingiz Aytmatovning hayot va ijod yo‘li, uning siyosiy faoliyatiga oid ma’lumotlar berildi va yod etildi. Tadbirda Markaziy Osiyo xalqaro instituti J.Vahabov, Inson huquqlari markazi direktori, akademik, deputat A.Saidov, diplomatik missiyalar rahbarlari va Ch.Aytmatovning nabiralari ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida Avazxon Tadjixanov nutq so‘zlab, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida Chingiz Aytmatovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida yozuvchining 90 va 95 yillik yubileylari nishonlangani, yozuvchi asarlari asosida mamlakatimiz teatrlarida sahna asarlari, kinofilmlar suratga olinayotganligi bildirildi.
So‘zga chiqqanlar bunday tadbirlar qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni kengaytirish, adabiyot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga, ayniqsa, qardosh o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, degan yakdil fikrda bo‘ldilar.
Umuman olganda, ijodiy kecha Chingiz Aytmatov merosining madaniy muloqot va yanada keng mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi. Buyuk adib va diplomatning adabiy ijodi va ijtimoiy-siyosiy qarashlari bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib, xalqlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlashga, Yangi Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishga xizmat qilmoqda.