Asosiy kontentga o'tish

Madaniyat vazirligi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2025-yildagi istiqbolli rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

2024-12-24 14:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 24-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniyat vazirligi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2025-yildagi istiqbolli rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev hamda madaniyat vazirligi rahbariyati, markaziy apparati, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

 

Matbuot anjumani avvalida vazir Ozodbek Nazarbekov tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga hisobot berib, 2025-yildagi rejalar ochiqlandi.

 

Jumladan,

Teatr va sirk yo‘nalishida, teatrlarda 10 479 ta spektakl namoyish etilib, ushbu tomoshalarga 3,6 mln nafar tomoshabin tashrif buyurganligi, shuningdek, “O‘zbeksirk” tomonidan 556 ta sirk tomoshalari o‘tkazilib, tomoshalarga 150 ming nafar tomoshabin tashrif buyurganligi ma’lum qilindi.  

 

Konsert - tomosha yo‘nalishida,  2024-yilda 7 255 ta konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, 10 mln 37 ming 200 nafar aholi qamrab olindi.

 

Madaniyat markazlari va nomoddiy madaniy meros yo‘nalishida, mamlakatimizdagi 837 ta madaniyat markazlari tomonidan joriy yilda jami 26 mingdan ortiq madaniy-ma’rifiy va konsert-tomosha dasturlari tashkil etilib, 2,5 mln nafar tomoshabin jalb etilgan.

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish maqsadida, 13 ta mahalliy va 1 ta xorijiy folklor ekspeditsiyalar tashkil etildi va 250ga yaqin nomoddiy madaniy meros namunalarining dastlabki hujjatlari tayyorlandi, internet va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib etishga qaratilgan 50 ta audiovizual asarlar yaratildi. Shuningdek, “Rubob yasash va ijrochilik an’analari” bilan bog‘liq nomoddiy madaniy meros namunasi YUNESKOning xalqaro reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

 

Ijodkor yoshlar va tanlovlar yo‘nalishda, 18 ta respublika ko‘rik-tanlovlar va festivallar o‘tkazildi hamda ularga 10 ming nafardan ortiq ijodkor yoshlar qamrab olinib, madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan hududlarda 14 ta “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilib, ularga 1 ming 400 nafardan ortiq yoshlar jalb qilindi.

 

Ta’lim yo‘nalishida, madaniyat ta’lim muassasalaridagi 2 000 nafar pedagog kadrlar, professor-o‘qituvchilar hamda rahbar xodimlar malakasi oshirildi hamda kollejlarining 2 600 nafardan ortiq pedagoglari attestatsiyadan o‘tkazildi.

 

Prezidentning “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 15-noyabrdagi PQ391-son qarori tasdiqlandi. Shuningdek, Prezidentning “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 22-noyabrdagi PQ399-son qarori bilan bolalar musiqa va san’at maktablarining direktori, direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchi va konsertmeysterlarining ish haqi miqdorlari 2025-yil 1-yanvardan boshlab 10 foizga oshirilishi belgilandi.

 

Millatlararo munosabatlar yo‘nalishida,
6 ta yangi “O‘zbekiston-Belorus”, “O‘zbekiston-Ispaniya”, “O‘zbekiston-Kanada”, “O‘zbekiston-Shimoliy Makedoniya”, “O‘zbekiston-Chexiya”, “O‘zbekiston-O‘mon Sultonligi” do‘stlik jamiyatlari tashkil etilib, ularning umumiy soni 42 taga yetkazildi.

 

Xalqaro yo‘nalishda, 9 ta davlatda Xitoy, Ozarbayjon, Qatar, Tojikiston, Buyuk Britaniya, Gruziya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya “O‘zbekiston madaniyat kunlari” madaniy tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazildi, 4 ta davlat Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iz Respublikasi, Qatarning madaniyat kunlari O‘zbekistonda yuqori saviyada o‘tkazildi, 8 ta davlatda Rossiya, AQSH, Avstriya, Malayziya, Belgiya, Polsha, Rossiya, Fransiya O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlab madaniy tadbirlar o‘tkazildi, 8 ta xorijiy davlatlar Belarus, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Koreya, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Ozarbayjon bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolandi.

 

Shuningdek, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida 35 nafar madaniyat va san’at xodimlariga Toshkent shahri Yashnobod tumanidan 35 ta yangi turar joylar topshirildi.

Anjumanda vazirlik rahbariyati tomonidan 2025-yildagi rejalar ochiqlandi.

 

Jumladan,

 - teatrlar tomonidan namoyish etiladigan spektakllarga 3,8 mln hamda madaniy tadbirlar va festivallarga 10,2 mln tomoshabinlar jalb etiladi;

 - Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, “III Xalqaro hunarmandchilik festivali”, “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali,  Xalqaro teatr festivallari o‘tkaziladi;

- Davlat konsert-tomosha muassasalari tomonidan namoyish etiladigan madaniy tadbirlar va festivallarga 10,5 mln tomoshabinlar jalb etiladi;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ijodiy jamoalari tomonidan 14 ta hududda o‘zarolik tamoyili asosida hududlarning 50 dan “Madaniyat kunlari” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkaziladi;

- Hududlarda mashhur xonanda, qiziqchi va boshqa ijodkorlar ishtirokida “Madaniyat karvoni” shaklida konsert-tomosha tadbirlari o‘tkaziladi;

- Respublika askiya san’ati markaziga yangi spektakllarni sahnalashtirish va askiya va qiziqchilik yo‘nalishida 5 ta asarga davlat buyurtmasi beriladi;

- 20 ta madaniyat va san’at muassasalari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi;

- Madaniyat va san’at tizimidagi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy darajali va unvonli kadrlar soni qo‘shimcha 30 nafarga ko‘paytiriladi;

- Madaniyat vazirligi tasarrufidagi 325 ta bolalar musiqa va san’at maktablari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi umumta’lim maktablarining musiqa madaniyati fani bo‘yicha tayanch ta’lim muassasasi sifatida belgilanadi;

- 7 turdagi milliy musiqa cholg‘ularida kuy ijro etishni o‘rgatish bo‘yicha qo‘shimcha adabiyotlar, notalar va videodarslar ishlab chiqiladi;

- Har bir tuman va shaharlarda bolalar musiqa va san’at maktablari hamda milliy va zamonaviy cholg‘u ansambllarining hisobot konsertlari byudjetdan tashqari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yo‘lga qo‘yiladi;

- Bolalar musiqa va san’at maktablarida faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar 55 foizga yetkaziladi;

- “Tirik tarix” turkumidagi 54 ta filmlardan 20 yaqini ishlab chiqarishga tushiriladi;

- Agentlik huzurida O‘zbekiston xalqaro kinoakademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

- Erkin iqtisodiy kinohududlar tashkil qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi;

- 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “Do‘stlik” festivali, 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab “Bag‘rikenglik” haftaligi o‘tkaziladi;

- 10 dan ortiq davlatda “O‘zbekiston madaniyat kunlari” madaniy tadbirlari o‘tkaziladi;

- 5 ta davlatning madaniyat kunlari O‘zbekistonda o‘tkaziladi;

- 10 ta davlatda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlab madaniy tadbirlar o‘tkaziladi;

- 10 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolanadi.

 

Matbuot anjumani yakunida OAV vakillari mutasaddilarga murojaat qilishib o‘zlarini qiziqtirgan sohaga oid savollarga javoblar olishdi.

 

 

177

Oxirgi yangilanish: 2024-12-24 17:18:22