"Oltin humo - 2024" milliy kinotaqdimotida Bahodir Yalangto‘sh filmi "Eng yaxshi film" nominatsiyasiga ega bo‘ldi
2024-12-27 11:00:00 / Yangiliklar
26-dekabr kuni poytaxtdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida mamlakatimiz kino sanoatining eng muhim voqealaridan biri "Oltin humo - 2024" milliy kinotaqdimotining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda quyidagi nominatsiyalar: "Eng yaxshi hujjatli film", "Eng yaxshi animatsion film", "Eng yaxshi ovoz rejissyori", "Eng yaxshi kino bastakori", "Eng yaxshi grafika ishi", "Eng yaxshi montaj ishi", "Eng yaxshi grim rassomi", "Eng yaxshi libos bo‘yicha rassom ishi", "Eng yaxshi rassom ishi", "Eng yaxshi ssenariy", "Eng yaxshi operator", "Eng yaxshi rejissyorlik ishi", "Eng yaxshi ayol roli", "Eng yaxshi erkak roli", "Eng yaxshi film", "Hakamlar hay’atining maxsus sovrini" va "O‘zbek kinematografiyasiga qo‘shgan hissasi uchun" bo‘yicha kino sohasi vakillari taqdirlandi.
Tadbirda, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi va O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi rahbariyati, taniqli kino sohasi vakillari va kino ixlosmandlari ishtirok etishdi.
“Shu yilning 16 may kuni shaxsan Davlatimiz Rahbari “O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi”ga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Soha vakillari bilan samimiy muloqot qilib, ko‘plab taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar. Bu – chinakam tarixiy va unutilmas voqea bo‘ldi. O‘z navbatida, bugun mamlakatimizda kino san’atini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganiga yana bir yorqin dalil bo‘ldi. Binobarin, Hurmatli Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan Farmon va qarorlar milliy kino san’atimiz nufuzini oshirishga mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Jumladan, Davlatimiz Rahbarining shu yil 5 iyundagi qarorlariga asosan yurtimizning ko‘p ming yillik tarixiga bag‘ishlangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi qabul qilindi. Dasturga asosan 54 ta tarixiy film suratga olinishi belgilandi. Bu qadimiy tariximiz va boy madaniyatimizni to‘laqonli aks ettirish, istiqlol yo‘lida kurash olib borgan buyuk sarkarda va davlat arboblarining murakkab hayot va davlatchilik faoliyatini xolis va haqqoniy ko‘rsatib berish kabi qator ezgu maqsadlarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyatga ega” – dedi Avazxon Tadjixanov.
O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev mamlakatimizda milliy kino san’ati rivoji Prezident Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini e’tirof etdi. Ayni e’tibor turli ijodiy loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yil hakamlar hay’ati tarkibiga “Qirg‘izfilm” kinostudiyasi direktori Aqjol Bekbolotov, Xitoy kino assosiatsiyasi xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisi Gu Goszin, “7 TH Art IFD” ijrochi direktori va xalqaro kino bozori eksperti Alirizo Shahruxi, “Qo‘rqut ota” kinofestivali ijrochi direktori Ihson Kabil va “Kazaxfilm” kinostudiyasi bosh muharriri Bekbulat Shekerov kabi nufuzli xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va kino sohasi bilimdonlari kiritildi.
Tadbir davomida, quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi:
• Eng yaxshi hujjatli film – “Shamol odamlari” hujjatli kartinasi;
• Eng yaxshi animasion film – “Beruniy sarguzashtlari”;
• Eng yaxshi ovoz rejissyori – Abduqahhor Karimov “Sevdo” filmi uchun;
• Eng yaxshi kino kompozitori – Doniyor Agzamov “Bahodir Yalangto‘sh” filmidagi musiqiy asari uchun;
• Eng yaxshi grafika ishi – Lazizxon G‘aniyev – “Bahodir Yalangto‘sh” filmi uchun;
• Eng yaxshi montaj ishi – Temur Kiyasov – “Uch qahramon” filmi uchun;
• Eng yaxshi grimm rassomi ishi – Mahbuba Esonova, Rimma Voronova – “Bahodir Yalangto‘sh” filmi uchun;
• Eng yaxshi liboslar bo‘yicha rassom – Zuhra G‘aniyeva – “Bahodir Yalangto‘sh” filmi uchun;
• Eng yaxshi rassom ishi – Qazaqbay Xojamuratov, “Ajiniyoz” filmi uchun;
• Eng yaxshi ssenariy – Hasan Toshxo‘jayev, Jahongir Ahmedov – “Bahodir Yalangto‘sh” filmi uchun;
• Eng yaxshi operatorlik ishi – Azizbek Normatov – “Uch qahramon” filmi uchun;
• Eng yaxshi debyut ishi – Jamshid Narziqulov “House” hujjatli filmi uchun;
• Eng yaxshi film - Jahongir Ahmedov – “Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy-badiiy filmi
• Eng yaxshi ayol roli – Tamara Mirmaqsudova “Pandemiya” filmi uchun;
• Eng yaxshi erkak roli – Tohir Saidov “Bahodir Yalangto‘sh” filmi uchun;
• Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti –“Matonat” hujjatli filmi uchun;
• O‘zbek kinematografiyasiga qo‘shgan hissasi uchun –
1. O‘zbekiston xalq artisti Rajab Adashev;
2. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Isamat Ergashev;
3. “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Temurmalik Yunusov;
4. “Shuhrat” medali sohibasi Abida Nosirova;
5. O‘zbekiston san’at arbobi Baxtiyor Nazarov.
Tantanali tadbirda barcha nominatsiya g‘oliblariga mukofotlar topshirildi.
Ma’lumot uchun, "Oltin humo - 2024"– bu O‘zbekiston kino san’ati ustalari va muxlislari uchun eng muhim tadbirlardan biridir. Har yili o‘tkaziladigan ushbu milliy kino mukofoti eng iste’dodli rejissyorlar, prodyuserlar, aktyorlar, ssenarist hamda barcha ijodiy jamoani bir joyga jamlaydi. Maqsad – eng yorqin yutuqlarni taqdirlash va o‘zbek kinematografiyasidagi zamonaviy tendensiyalarga obyektiv baho berish. Milliy kinotaqdimot marosimi bu shunchaki tantanali tadbir emas, balki kino san’atining mamlakat hayotidagi o‘rni va kelajakdagi rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida xulosa chiqarish imkoni. Bu barcha ishtirokchilar uchun unutilmas taassurotlar bag‘ishlaydi.